Malayziya hukumati mamlakatdagi birinchi va yagona "islom" aviatashuvchi - Rayani Air'ning litsenziyasini qaytib oldi. Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi va milliy aviatsiya komissiyasi hamkorlikda olib borgan tergov natijalaridan kelib chiqib, shunday qaror qabul qilishdi.
Aviatashuvchiga parvozlarni asossiz bekor qilish, bu haqida mijozlarni ogohlantirmaslik, shuningdek ko‘rilgan zararlarni qoplashdan bosh tortish ayblovlari qo‘yildi.
"Ma'muriy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan auditdan so‘ng, shuningdek xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni o‘rganib chiqib hamda kompaniyaga vaziyatni to‘g‘irlash uchun berilgan bir necha imkoniyatlarni hisobga olib, shunday qaror chiqarildi", - deyiladi taqdim etilgan ma'lumotda.
Kompaniya chiqarilgan qaror ustidan shikoyat qilmoqchi ekanligini ma'lum qildi.
Rayani Air o‘tgan yildan boshlab ichki yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni amalga oshira boshlagan. Aviakompaniya shariat qonunlaridan kelib chiqib xizmat ko‘rsatadi, uning yo‘lovchilari orasida musulmon bo‘lmagan shaxslar ham bor. Unga qadar dunyoda bunday xizmatlarni taqdim etuvchi Royal Brunei Airlines, Saudi Arabian Airlines va Iran Air kompaniyalari faoliyat ko‘rsatishgan.