Yevro-2016. Ispaniya Pikening 87-daqiqada urilgan goli evaziga Chexiyani yengdi

Sport 20:25 / 13.06.2016 5133

D guruhida birinchi uchrashuv yakunlandi. Tuluzadagi «Munisipal» stadionida kechgan Ispaniya va Chexiya o‘rtasidagi uchrashuvda ispaniyaliklarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi qayd etildi.

Birinchi bo‘lim davomida “qizil furiya” futbolchilari katta tashabbusga ega bo‘lishdi. Morata, Nolito va Inesta bir qancha xavfli vaziyatlarni vujudga keltirishdi. Biroq ba'zi vaziyatlarda futbolchilarga aniqlik yetishmadi. Boshqa holatlarda darvozabon Chex juda yaxshi harakat qildi. O‘z navbatida Chexiya qarshi hujumlarda omadini sinab ko‘rdi. Biroq ispaniyalik himoyachilar yaxshi harakat qilib, raqibga imkoniyat berishmadi.

Ikkinchi bo‘limda ham vaziyat o‘zgarmadi. Ispaniya bor kuchini hujumga, chexiyaliklar esa himoyaga tashladi. O‘yin durang hisob bilan yakunlanish arafasida turganida, Ispaniya baribir o‘z niyatiga yetdi.

87-daqiqada Inesta chap qanotdan to‘pni ajoyib tarzda jarima maydoniga yo‘llaganida, himoyachilardan ildamroq harakat qilgan Jyerar Pike boshi bilan yaqin masofadan zarba yo‘llab, darvozani ishg‘ol etdi.

Chexiya so‘nggi daqiqada mag‘lubiyatdan qutilib qolishi mumkin edi. Biroq Lafata jarima maydoni ichidan kuchli zarba yo‘llaganida, butun o‘yin davomida ishsiz turgan De Xea mahorat bilan to‘pni qaytarib, jamoadoshlari joniga ora kirdi.

Ispaniya – Chexiya 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: Pike (87)
Ispaniya – De Xea, Pike, Alba, Xuanfran, Ramos, Inesta, Buskets, Silva, Fabregas (Alkantara, 70), Nolito (Pedro, 82), Morata (Aduris, 62).
Chexiya – Chex, Gubnik, Sivok, Limberski, Gebre Selassi (Shural, 86), Rositski (Pavelka, 88), Plashil, Kreychi, Darida, Kaderjabek, Netsid (Lafata, 75).
Ogohlantirish: Limberski (61).

Ko‘proq yangiliklar: