2015 yilda qurol-aslaha jahon bozori oxirgi 10 yil ichida maksimal ko‘rsatkichga erishdi, deb xabar bermoqda IHS Global Defence Trade Report hisobotiga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi.
Ta'kidlanishicha, qurol-aslaha bozorining asosiy o‘sishi Saudiya Arabistoni tomonidan xaridlarning keskin oshishi sababli yuz berdi. Shu bilan birga Yaqin Sharq va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarining ko‘pchiligida qurol-aslahaga talab oshdi.
IHS tadqiqotlariga ko‘ra, 2015 yilda qurol-aslaha jahon bozori hajmi 2014 yildagidan 10 foizga ko‘proqqa o‘sdi va 65 mlrd dollarni tashkil qildi. Saudiya Arabistoni o‘tgan yili F-15 qiruvchi samolyotlari, Apache vertolyotlari sotib oldi. Bundan tashqari, qirollik armiyasi uchuvchisiz parvoz qurilmalari, yuqori aniqlikdagi qurol hamda kuzatish uskunalari bilan to‘ldirildi.
2015 yil natijalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni qurol-aslaha importi hajmi bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga Ar-Riyodning umumiy qurol-aslaha importi o‘tgan yili 50 foizga, ya'ni 9,3 mlrd dollargacha oshdi. 2015 yilda qurol-aslaha xarid qilish bo‘yicha 2-o‘rinni Hindiston, 3-o‘rinni Avstraliya egalladi.
2015 yil martida Rossiya qurol-aslaha eksporti bo‘yicha AQShdan keyin 2-o‘rinni egalladi.