Vetnam sotsial respublikasining (VSR) prezidenti Chan Day Kuang joriy yilning aprel oyida mamlakat rahbari lavozimiga saylangach, birinchi xalqaro safarga jo‘nab ketdi. U 12-14 iyun kunlari Laosga rasmiy tashrif uyushtiradi, 15-16 iyunda esa Vetnam sotsial respublikasi yaqinidagi qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun Kambojaga keladi.
Laos bilan o‘zaro hamkorlik
Chan Day Kuang Laos xalq demokratik respublikasi (LXDR) prezidenti Bunnyang Volachit bilan muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida mavjud «maxsus birdamlik munosabatlari»ga muvofiq ikki tomonlama samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga e'tibor qaratadi, deb xabar beradi Vetnam axborot agentligi.
VSR va LXDR savdo, iqtisodiyot, sarmoya, mudofaa va xavfsizlik kabi ustuvor sohalarga e'tibor qaratgan holda ikki tomonlama hamkorlikning barcha mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro munosabatlarni kengaytirishni rejalashtirgan, deb qayd etadi agentlik.
Vetnam Laosda umumiy kapitali 5 milliard dollar bo‘lgan 250dan ortiq sarmoya loyihasini amalga oshirish uchun ruxsat olgan.
Vetnamlik investorlar e'tiborini energetika, qishloq ho‘jaligi, telekommunikatsiya, qurilish va bank faoliyati kabi sohalar jalb qilmoqda. Investitsion hamkorlik bilan bir vaqtning o‘zida ikki mamlakat tovar ayirboshlash hajmi oshishini ham yuqori o‘ringa qo‘ymoqda.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash 2015 yil sarhisobiga ko‘ra, 2 milliard dollar miqdorida oshib, yillik o‘sishning o‘rtacha 30-40 foizini qayd etdi. Ikki mamlakat hukumati 2020 yilga qadar yiliga 5 milliard dollar atrofidagi savdo aylanmasini yo‘lga qo‘yishni maqsad qildi.
Kamboja bilan hamkorlik
VSR prezidentining Kambojaga rasmiy tashrifi Xanoy va Pnompen o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik va do‘stlik munosabatlarining kelajakadagi rivoji uchun kuchli turtki beradi, deydi agentlik.
Kamboja monarxi Norodom Siamoni va bosh vazir Xun Sen bilan o‘tadigan muzokaralar vaqtida ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish chora-tadbirlari, shuningdek, o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan xalqaro va mintaqaviy masalalar diqqat markazda bo‘ladi.
Vetnam va Kamboja xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirish siyosatini olib borishda davom etmoqda.
Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo, investitsiya va iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash 2010 yildagi 1,8 mlrd dollardan 2015 yil sarhisobiga ko‘ra, 3,37 mlrd dollarga ortgan.