Ota-onasini la'natlaydiganlardan bo‘lib qolmaylik

Jamiyat 22:31 / 12.06.2016 37390

So‘kish yoki so‘kinish Islomda katta beodoblik va gunohlar qatoriga kiradi. U ijtimoiy aloqalarning buzilishiga, insonlarning haqoratlanishiga olib keladigan badxulqlikdir. Shuning uchun ham payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallam o‘z hadislarida so‘kishni qattiq qoralaganlar.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasaiy va boshqa mashhur muhaddislar Abdulloh ibn Mas'uddan rivoyat qilgan mashhur hadisda payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam:
«Musulmon kishini so‘kish fisqdir. U bilan urushish esa kufrdir», deganlar.

Ma'lumki, fosiqlik katta gunoh hisoblanadi. Shariat ko‘rsatgan chegaradan chiqib, gunoh ishlarni qiluvchilar fosiq hisoblanadi. Fisq dindan chiqishning boshlanishi bo‘lib, tavba qilmasdan, o‘sha gunohni davom ettirganlar dindan chiqadi. Shuning uchun ham hadisi sharifda so‘kish fisq, urush esa kufr deyilayapti. Chunki fisq kufrga olib borganidek, so‘kish ham urushga olib boradi.
Imom Bazzor Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu dan rivoyat qiladilar. U kishi payg‘ambarimizga sanadini yetkazadilar. U zoti boborakot sallollohu alayhi vasallam: «Musulmonni so‘kish halokat jari yoqasiga kelganligini anglatadi», degan ekanlar. Jar yoqasiga kelgandan so‘ng unga tushib ketish hech narsa bo‘lmay qoladi. Demak, so‘kishga e'tibor bermay, so‘ksa nima bo‘pti, deyish mutlaqo noto‘g‘ri ishdir.
Xususan, so‘kishni ko‘p ishlatadigan beodob odamlar katta gunohlarga sabab bo‘ladilar. Ular oliy ilm dargohlarni bitirganlar, katta mansablarni egalaganlar, yaxshi kiyinib, yaxshi yashashlari ham mumkin. Ammo modomiki, ichlarida yaxshilikka amal qildiruvchi kuch yo‘q ekan, o‘zlarining so‘zlarini tuzatolmas ekanlar, kim bo‘lishidan qat'iy nazar, fosiq bo‘ladilar, madaniyatsiz, tuban inson hisoblanadilar. O‘zaro muomalada birinchi bo‘lib so‘kkan odam katta ma'naviy jinoyat qilgan bo‘ladi. Oradagi hurmat va izzat, o‘zaro tushunish pardasini yirtgan, yomonlikka yo‘l ochgan bo‘ladi.

Imom Ibn Hibbon rivoyat qilgan hadisda Niyoz ibn Himor quyidagilarni aytadilar:
«Men Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamga «Ey Allohning Rasuli! Bir odam meni so‘ksa, u o‘zimdan past bo‘lsa, undan g‘olib keladigan bo‘lsam, menga biror narsa bo‘ladimi?» deb so‘radim. U zot: «Ikki so‘kishgan, obro‘yini to‘kayotgan va yolg‘on gapirayotgan kishilarikki shaytondir» dedilar.

Demak, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam Niyoz ibn Himor roziyallohu anhuga o‘zini so‘kkan odamga javob qaytarishga izn bermadilar. Agar shunday qilsa, ikki beodob shaytonning biri bo‘lib qolishini anglatdilar. Bu narsa har bir musulmonning yodida doimo turishi lozim bo‘lgan narsadir.

Imomi Buxoriy Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam:
«Katta gunohlarning kattasi insonning o‘z ota-onasini la'natlamog‘idir», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli! Qanday qilib odam o‘z ota-onasini la'natlaydi», deb so‘raldi. U zot sallollohu alayhi vasallam: «Bir odam birovning otasini so‘ksa, u ham buning otasini so‘kadi , onasini so‘ksa, onasini so‘kadi», dedilar. Ko‘rib turibmizki, bu juda ham noqulay holat ekan. Ota-onaga rahmat, izzat-obro‘ keltirishning o‘rniga o‘zining beodobligi ila la'nat, so‘kish keltirish naqadar badbaxtlik.

Inson o‘zining barcha tasarrufotlari, ishlari, gap-so‘zlarini idora qila bilishi, yaxshi so‘zlarni aytib, yaxshi amallarni qilib, yomon so‘z va amallardan qaytishi lozim. Islomda nafaqat odamni, balki hayvonlarni so‘kish ham man' qilingandir. Yosh bolalarimizni shu ruhda tarbiyalab borishimiz kerak. Kattalar esa, bu borada ularga o‘rnak bo‘lishlari zarurdir.

Ko‘proq yangiliklar: