Futbol bo‘yicha Ukraina terma jamoasining kuchli tomoni qarshi hujumlar hisoblanadi. Bunday fikrni uchrashuv oldi matbuot-anjumanida Germaniya bosh murabbiyi Yoaxim Lyov aytib o‘tdi.
Yevropa chempionatining guruh bosqichidagi Germaniya va Ukraina o‘rtasidagi uchrashuv 12 iyunda Lillda bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv tungi soat 00:00da boshlanadi.
"Bu haftada biz raqibni tahlil qildik. Ukraina juda jadal futbol o‘ynaydi va ular barcha 90 daqiqa yuqori sur'atlarni ushlab tura oladi. Jamoaning eng xavfli qurollaridan biri – tezkor qarshi hujumlardir. Ukraina terma jamoasi safida o‘yinning bu uslubiga juda mos keluvchi 3-4 o‘yinchi bor", deb aytdi Lyov.
Lev yakshanba kundagi uchrashuvga Germaniyani sardorlik bog‘ichida maydonga olib tushadigan futbolchi nomini aytmadi. Bastian Shvaynshtayger mart oyida tizzasidan jarohat olgan, biroq jamoa tarkibiga kiritilgan. "Sardorni ertaga aytaman, Shvaynshtayger men uchun jamoa sardori bo‘lib qoladi va u musobaqada aniq o‘ynaydi. Agar u chiqmasa, unda bizda bu rol uchun nomzodlar talaygina: Xedira, Xummels, Myuller, ularning barchasi birdek qimmatli o‘yinchilar", deb aytdi Lyov.
Murabbiy Germaniya uchun u favorit hisoblanadigan o‘yinlar oson bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tdi. "Kecha biz Fransiya qanday qiyinchilik bilan ruminlarni yutganini ko‘rdik. Hech narsa kutilmaydigan jamoalar borgan sari mudofaada yaxshi o‘ynamoqdalar. Ruhiy bosimga kelsak, biz uchun bu muammo bo‘lmaydi. Oxirgi yillarda bizning jamoa yirik musobaqalarning yarimfinal va finallarida bir necha bor o‘ynagan, o‘ylaymanki, biz bosimni yenga olamiz", deb qo‘shimcha qildi Lyov.
Germaniya bilan bir guruhda Ukrainadan tashqari, Polsha va Shimoliy Irlandiya ham o‘ynaydi.