Xitoy Tinch okeani havzasida, Tayvan oroli va Yaponiyaga tegishli Ryukyu arxipelagidan sharqda hamda Janubi-Xitoy dengizida sunamini erta aniqlash qurilmasini joylashtirmoqchi. Bu haqda "Sinxua" axborot agentligi ma'lum qildi.
Katta to‘lqinlarni aniqlash qurilmasi maxsus buylarda joylashtiriladi. Xitoy Bosh okeanologik boshqarmasida ta'kidlanishicha, ular sunamidan ogohlantirish xalqaro tizimi bilan bog‘lanadi va Xitoyning sharqiy va janubiy sohilbo‘yi hududlari aholisini tabiiy fojia yaqinlashayotganidan erta ogohlantirish imkoniyatini oshiradi. Xitoylik okeanologlar shuningdek qo‘shni davlatlarni sunami xavfidan ogohlantira oladilar.
Mutaxassislar Filippin yaqinidagi Manila novidan g‘arbga tomon buylarning bir qismini o‘rnatdilar. Bu seysmik faol hududda orollar va Janubi-Xitoy dengizi sohilbo‘yiga xavf soluvchi kuchli sunamilar paydo bo‘lishi mumkin.
Ayni vaqtda Xitoyning sunamini aniqlash tizimi Tinch okeanining istalgan joyida ulkan to‘lqinning paydo bo‘lganidan yer osti zilzilasidan 5 daqiqadan, Janubi-Xitoy dengizida esa 30 soniyadan keyin ogohlantirishi mumkin.