Yevro-2016: Turkiya – Xorvatiya uchrashuvi anonsi

Sport 16:26 / 12.06.2016 6676

Bugun Yevropa chempionatining guruh bosqichidagi 1-tur uchrashuvlari doirasida D guruhi vakillari Turkiya va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv Parijdagi «Park de Prens» stadionida Toshkent vaqti bilan soat 18:00da boshlanishi belgilangan.

Uchrashuv hakami etib shvetsiyalik Yonas Erikson tayinlangan.

8 yil oldin Xorvatiya va Turkiya Yevropa chempionatlari tarixidagi eng esda qolarli uchrashuvlardan birini taqdim etgandi. O‘shanda o‘yin yakuniga sanoqli daqiqalar qolayotganida xorvatlar oldinda borishgan, lekin turklar mo‘'jiza ko‘rsatib, o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borgan va Slaven Bilich shogirdlarini "futbol lotereyasi"da mag‘lubiyatga uchratishgandi.

O‘sha yili xorvatlar yaxshi jamoa tuzishgan bo‘lsada, hali Modrich va Rakitich yosh edi va o‘zlarining yuqori sport formalariga chiqishmagandi. Fransiyadagi chempionatga keyingi yillarda Ispaniya chempionatidagi eng yorqin futbolchilarga aylangan Modrich va Rakitich Ante Chachich boshchiligida terma jamoa yetakchilari sifatida keldi va ularda turklardan qasos olish imkoni bor.

Xorvatiya termasi Yevropa chempionatida 14 o‘yin o‘tkazib, 6 g‘alaba, 4 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etgan. To‘plar nisbati 18:16. 

Turklar saralash bosqichining dastlabki 3ta turida atigi 1 ochko to‘plashgandi. Ammo ular mardonavor o‘yinlar ko‘rsatishni boshlashdi va navbatdagi mo‘'zijani ko‘rsatib, bosqich yakunida yo‘llanmaga ega bo‘lishdi. Turkiya termasi Yevropa chempionatida 12 o‘yin o‘tkazib, 3 g‘alaba, 2 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etgan. To‘plar nisbati 11:18.

Jamoa yetakchilari sifatida Arda Turon va Hoqon Chalxano‘g‘lini keltirish mumkin. Fotih Terim shogirdlari himoyaviy o‘yin ko‘rsatishi kutilmoqda.

Ushbu jamoalar shu kunga qadar 6 marta to‘qnash kelishgan. O‘yinlarning 2 tasida xorvatlar g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, qolgan 4 bellashuvda durang natijasi qayd etilgan. To‘plar nisbati xorvatlar foydasiga 8:4.

FIFA reytingida Turkiya 18, Xorvatiya 27-o‘rinda bormoqda.

UYeFA rasmiy saytida murabbiylar maydonga tushirishi mumkin bo‘lgan taxminiy tarkib keltirilgan.

Turkiya: Vulqon Babajon; Gekxan Genyul, Mehmet To‘pal, Hoqon Bolta, Janer Erkin; O‘zan To‘fan, Saljuq Inan; Vulqon Shon, Hoqon Chalxono‘g‘li, Arda Turon; Buraq Yilmaz.
Xorvatiya: Subashich; Srna, Chorluka, Vida, Strinich; Badel, Modrich, Rakitich; Brozovich, Perishich; Manjukich.

Fotih Terim, Turkiya terma jamoasi bosh murabbiyi: 

- Biz uchun guruhdan chiqish o‘ta muhim. Agar buni uddalay olsak, keyin jiddiy maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yishimiz mumkin. Xorvatiyada kuchli tarkib to‘plangan va ularga imkoniyatlaridan kelib chiqib munosabatda bo‘lishimiz kerak.
Bizning tarkibdagi yosh Emre Mor - alohida iste'dodga ega futbolchi. Men uni terma jamoaga chaqirib juda to‘g‘ri qaror qabul qildim degan fikrdaman. Ishonamanki, u dunyo darajasidagi futbolchiga aylanadi.
Biz Arda Turon "Barselona"da ko‘proq vaqt davomida o‘ynashini istaymiz. U o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasada terma jamoaga muntazam ravishda chaqirilib turildi. U bizning eng asosiy futbolchimiz.

Ante Chachich, Xorvatiya terma jamoasi bosh murabbiyi:
- Jamoa o‘yinga tayyor holatda. Bizning ishtahamiz karnay, jamoadagi ichki muhit a'lo darajada. Xorvatiya terma jamoasi hamisha shunday bo‘lgan. Bizda yuqori toifali futbolchilar bor, ba'zilari shu vaqtgacha ikki marta Yevropa chempionati ishtirokchisi bo‘lishga ulgurgan. Shuningdek, yangi avlod yetishib kelmoqda.
Bizning guruhda pley-offga chiqishni ko‘zlamagan jamoa yo‘q. Turklarga qarshi birinchi o‘yin juda muhim ahamiyatga ega. Biz o‘yinni faol boshlashimiz, to‘pga egalik qilib, raqib jarima maydoni yaqinida o‘yin olib borishimiz kerak.
Turkiya terma jamoasiga hurmatimni bildirgan holda aytishim kerakki, biz o‘zimizga kerakli natijaga erisha olamiz. Raqibni yaxshi o‘rgandik, ular haqida kerakli ma'lumotlarga egamiz va o‘yin uchun bir nechta reja tuzib qo‘yganmiz. Men shogirdlarimga turklarning ojiz tomonlari haqida aytganman va bu nuqtalardan omilkorlik bilan foydalanishimiz kerak.

Manba: Tribuna.uz

Ko‘proq yangiliklar: