11 iyun kuni Marsel shahridagi "Velodrom" o‘yingohida Rossiya va Angliya o‘rtasidagi uchrashuv yakunlanganidan keyin rossiyalik fanatlar ingliz ishqibozlari joylashgan tribunaga bostirib kirib, janjal boshlashdi. Bu holat tasvirlangan videolar intertnet bo‘ylab tarqaldi.
Marseldagi tartibsizliklar o‘yin boshlanishidan 1 kun oldin boshlangandi va bu janjallar asosan inglizlar tomonidan uyushtirilgandi.
O‘yin yakunlanishi bilanoq esa rossiyalik muxlislarni tutib turishning iloji bo‘lmay qoldi, ular 2ta mushak otib, raketnitsadan ikki marta o‘q uzishdi.
Shundan so‘ng, o‘nlab fanatlar to‘siqni buzib, styuardlar halqasini yorib o‘tishgan va inglizlarga hujum qilishgan. Tribunadagi rossiyalik suxandon ularni tinchlantirish uchun qilgan harakatlar besamar ketgan.
Britaniyalik sport jurnalisti Saymon Rauntrining o‘z tvitterida yozishicha, bu hodisadan oldinroq, ingliz ishqibozlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin va tennischi Mariya Sharapova nomiga nojo‘ya so‘zlar ishlatib, hayqirishgandi.
Jumladan, ingliz muxlislari "Putin Qrimni o‘g‘rilagani" haqidagi so‘zlarni aytishgan.
Uning hamkasbi Martin Makitayrning aytishicha, inglizlar Rossiya bayrog‘ini bulg‘agan.
Ko‘p o‘tmasdan bu jurnalistlarning akkauntlari o‘chirilgan.
Vaziyatga baho bergan Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutkoning aytishicha, rossiyalik muxlislar o‘zlarini nomunosib tutishgan va Rossiya Futbol Ittifoqi UYeFA tomonidan jazolanishi mumkin.
U RFI tomonidan o‘yin vaqtida tartibsizliklar boshlagan rossiyalik muxlislar aniqlanib, jazoga tortilishi haqida aytgan.
Marsel shahrida o‘yindan avval bo‘lib o‘tgan to‘polonlar vaqtida shahar politsiyasi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llashga majbur bo‘ldi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, kun bo‘yi yuz bergan tartibsizliklar natijasida 35 kishi jarohatlangan. Ingliz ishqibozlaridan biri o‘lim yoqasida qolmoqda.