MUQADDIMA
Olamlar robbisi bo‘lgan Allohga hamdlar, nabiy va rasullar sarvari, Payg‘ambarimiz Muhammad va u zotning oilasi hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Amma ba'd: Alloh taolo aytadi: "Ramazon oyidirki, unda odamlarga hidoyat va hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur'on tushirilgandir". (Baqara:185)
Bu muborak oyda rahmatlar yog‘iladi, yaxshiliklar to‘lib-toshadi, baraka ko‘payadi va yaxshi amallar ortadi. Gunohlar va xatolar kechiriladi. Bu buyuk oy ko‘plab xususiyat va fazilatlar egasidir. Men ular haqida, muborak oyda vaqtdan unumli foydalanish haqida siz bilan qurbim yetgani qadar o‘rtoqlashish niyatidaman. Alloh azza va jalladan ushbu oyda Allohning haqlarini ado etishni nasib aylashini so‘rovchi muslima ayol biladiki, Alloh ro‘za va namoz oyiga, mag‘firat va do‘zax otashidan qutulish oyiga yetishishdek ne'matni nasib etdi. Qancha insonlar borki, bu fazilatdan mahrumlar, qanchalari yer ostida, bir kungina bo‘lsada ortga qaytishni orzulab yotibdilar. Shunday ekan, qolgan umrimizdan, berilgan muhlatdan, bu bir oylik fursatdan unumli foydalanib qolaylik.
"Ramazoniy ayol qanday bo‘lmog‘i lozim?" risolasining mohiyati
Maqsadimiz, ey muslima singlim, Ramazonning har bir lahzasinii Alloh azza va jallaga yaqinlashturuvchi toat bilan o‘tkazishdir, bu mukarram oyning mohiyatini to‘liq anglashdir. Undan nafsingizni isloh qilish va boshqa oylarda ham poklab borish yo‘lida foydalanib qolishdir. Maqsadingiz aslo – bugunning ba'zi ayollari kabi – Ramazonni ibodatda, qolgan oylarni bekorchilikda o‘tkazish bo‘lmasin. Zero, siz Ramazonning Robbisi boshqa oylar va yillarning ham Robbisi ekanligini aniq bilasizku!
Bilasizmi?
Har qanday amalni qilish uchun avvalo uning mohiyatini bilish kerak. Mohiyatini bilish asnosida uni amalga oshirish uchun qilinadigan sa'y-harakatlarni anglamog‘i darkordir. Bu borada quyida keltirilgan bildirgilar sizga dasturi amal qatorida bo‘ladi deb umid qilamiz.
Amal qilish uchun bilish kerak!
Muhtarama singlim! Siz buyuk oyda turganingizni his etmoqdasiz, lekin bu oyni boshqalardan ajratib turuvchi xususiyatlari va fazilatlari nimalar ekanini bilasizmi? Ularni barchasini sanab o‘ta olasizmi? Amallaringiz va sa'y-harakatlaringizni yanada oshirish uchun ularni bilmog‘ingiz lozimdir.
Birinchidan: Bilingki, Ramazon oyiga salomatlikda va omonlikda kirib kelishingizning o‘zi buyuk ne'matdir. Shunday ekan, ushbu ne'mat va fazlni ato etgan Allohga shukrlar va maqtovlar aytish darkor. Qanchadan-qancha bemor va ojizlar borki, ro‘za va namozlarda musulmonlarga sherik bo‘lishni istaydilar, ammo Alloh ularni muyassar qilmagan. (Sizga nasib etgani uchun) Allohga cheksiz hamdlar bo‘lsin….
Ikkinchidan: Ro‘zaning mukofoti juda ulug‘ bo‘lib, uni faqat Allohning o‘zigina biladi. Hadisi Qudsiyda kelganidek, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh azza va jalla dedi: Odam farzandining barcha amallari o‘zi uchundir, faqat ro‘za men uchundir. Uning mukofotini men o‘zim beraman. Ro‘za to‘suvchidir. Birortangiz ro‘za tutgan bo‘lsangiz, ayoliga yaqinlik qilmasin va baqirib-chaqirmasin. Uni birov so‘ksa yoki urishsa, "men ro‘zadorman, men ro‘zadorman" deb aytsin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ro‘zadorning og‘zidan chiqayotgan hid Allohning huzurida mushk atridan-da xushbo‘yroqdir. Ro‘zador ikki marta xursand bo‘ladi: iftor mahal og‘zini ochganidan xursand bo‘lsa, Robbisiga yo‘liqqan onda ro‘za tutganidan quvonadi".
Buxoriy, Muslim rivoyati. Muslim rivoyatida shunday keladi: "Odam farzandining har bir amali uchun o‘n barobardan yetti yuz barobargacha savob yoziladi. Alloh taolo dedi: illo ro‘za (bunday emasdir), u men uchundir va uning mukofotini o‘zim beraman. (Chunki bandam) mening yo‘limda shahvatdan va taomdan tiyildi…".
Uchinchidan: Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh do‘zax olovini undan yetmish yillik masofaga uzoqlashtiradi. Shunday ekan, endi tasavvur qilib ko‘ringchi bir oy ro‘za tutganning ajri qanday bo‘ladi?
Abu Said al-Xudriydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Banda Alloh taolo yo‘lida bir kun ro‘za tutarkan, ushbu kun uchun Alloh taolo uning yuzini do‘zax otashidan yetmish yillik masofaga uzoqlashtiradi". Nasaiy rivoyati Boshqa bir rivoyatda shunday keladi: "Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutgan kishidan do‘zax otashi yuz yillik masofaga uzoqlashadi".
To‘rtinchidan: Ro‘za qiyomat kuni bandaga shafoatchi bo‘lib, jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu Rasulullohdan rivoyat qiladilar: "Ro‘za va Qur'on qiyomat kuni bandaga shafoatchi bo‘ladilar. Ro‘za deydi: "Ey Robbim, men uni taom va shahvatdan to‘sgan edim, bas, meni unga shafotchi qilgil. Qur'on aytadi: Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim, bas, meni unga shafoatchi qil! (Rasululloh) dedilar: so‘ng ular shafoat qiladilar". Ahmad rivoyati
Beshinchidan: Kim Allohning jamolini ko‘rish umidida ro‘za tutsa va bu uning nomai a'moliga muhrlansa, jannatga kiradi.
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadigan hadisda keladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamni bag‘rimga bosdim so‘ng u zot dedilar: «Kim «La ilaha illalloh» desa va bu uning nomai a'moliga yozilsa, jannatga kiradi. Kim bir kun Alloh jamoli umidida ro‘za tutsa va bu uning nomai a'moliga yozilsa, jannatga kiradi. Kim Allohning jamoli umidida sadaqa qilsa va bu uning nomai a'moliga yozilsa, jannatga kiradi».
Oltinchidan: Jannatda bir eshik bor, uni «Rayyon» derlar, undan faqat ro‘za tutganlargina kiradilar.
Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilganlaridek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Jannatning "Rayyon" nomli bir eshigi bordir, qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kiradi, ulardan boshqa hech kim kirmas. Ro‘zadorlar kirib bo‘lgach, (eshik) yopiladi va so‘ng hech kim kirmaydi". Buxoriy rivoyati
Yettinchidan: Ramazon oyi ro‘zasi tufayli avvalda qilingan barcha gunohlar kechirib yuboriladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim Qadr kechasini iymon va ajr umidida (ihtisoban) bedor o‘tkazsa, avvalda qilgan gunohlari kechiriladi. Kim Ramazon ro‘zasini iymon va ajr umidida tutsa, avvalda qilingan gunohlari kechiriladi". Buxoriy rivoyati
"Iymon va ajr umidida" deganning ma'nosi niyat va azmu-qarordir. Ro‘zador ishongan va savobdan umidvor bo‘lgan holda, nafsini shunga moyil qilib, og‘rinmay, balki katta savob olaman, degan ishonch bilan ro‘za tutmog‘i lozimligini anglatadi (Imom Xattobiy ta'rifi). Bag‘aviy deydi: "Ihtisob"dan murod Allohning jamoli va savob talabida bo‘lishlikdir".
Sakkizinchidan: Ramazonda jannatlar eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi. Shayton xor va mag‘lub bo‘ladi..
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ramazon oyi kelganda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi". Buxoriy va Muslim rivoyati
To‘qqizinchidan: Ramazon oyida ming oydan afzal bo‘lgan Qadr kechasi mavjuddir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu dedilar: "Ramazon oyi kirib kelganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kirib kelgan bu oyda ming oydan yaxshiroq bir kecha bordir. Kim undan quruq qolsa, barcha yaxshiliklardan quruq qolibdi. Uning yaxshiligidan mahrum qilinganlardan boshqa hech kim quruq qolmas".
Ibn Moja rivoyati
O‘ninchidan: Ramazon ro‘zasini tutayotgan odamning duosi qabul bo‘ladi. Alloh bandalarini do‘zaxdan ozod qiladi.
Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Albatta Alloh taboraka va taolo (Ramazonning) har bir kuni va kechasida (bandalarini do‘zax olovidan) ozod qiladi va albatta har bir musulmon uchun har bir kun va tunda duosi ijobat bo‘ladi".
Ahmad rivoyati
Mana endi, singlim, bu ulug‘ oyning mohiyatini angladingizmi? Bu oyga Alloh taolo qanday fazilatlar indirganini bildingizmi? Qalbingizda ushbu ajrlarning bariga ro‘za orqali erishishga intilish hissini tuydingizmi? Aynan shunday holatda ekanligingizdan aslo shubhalanmayman. Ammo bu istagingizga yetishish uchun ishga dadil kirishishingiz kerak. Bu yutuqlar sohiblaridan bo‘lish uchun jiddu jahd bilan harakat qiling. Alloh azza va jalladan bizni bu ajrlarning hech biridan mahrum qilmasligini so‘raymiz.
Muallif: Maryam as-Solim
Manba: muslimaat.uz