Ruslan Sharipov haqida onasi va hamkasblari...
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ruslan Sharipovning internetda tarqalgan suratlari va muhokamalar hali hamon tingani yo‘q. O‘g‘lining ayni kunda muhokamalar ichida qolib ketgani, suratlaridagi ko‘rinishini uning onasi qanday izohlaydi? Biz Ruslan Sharipovning onasi Lola opa bilan bog‘lanib, uning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik. O‘zining aytishiga qaraganda Lola opaning tobi yo‘q (Ehtimol shu gap so‘zlar qattiq ta'sir qilgan bo‘lsa kerak)...
Ammo shunday bo‘lsa-da savollarimizga javob berib, ayni damda o‘g‘lining hayotida og‘ir sinovli kunlar o‘tayotgani, xotini bilan ajrashgani, uyini sotib, ijaraga uy olib turgani, ijara vaqti tugagach, onasining uyiga kelib u bilan yashayotanini ma'lum qildi.
Lola opa biz bilan bo‘lgan suhbatini uzoq davom ettira olmadi. Biz ham uning tobi yo‘qligi bois, ortiqcha savollar berishni ep ko‘rmadik.
Ammo xonandaning onasi bu haqda kuni kecha “Darakchi.uz” saytiga intervyu berganini aytdi. Mazkur nashrda chiqqan intervyuda Lola opa o‘g‘lining hozirgi hayot tarzini shunday ifodalagan:
— Oilaviy sabablar ham bo‘ldi... Lekin barbir inson taqdiri uchun o‘zi mas'ul bo‘lishi kerak, shu sababdan hammasiga baribir o‘zi aybdor deb o‘ylayman. Ruslan turmush o‘rtog‘ini juda qattiq sevardi, hozir ham sevadi... Uning yaxshi yashashi uchun hamma sharoitlarni yaratib berdi. Qo‘sha-qo‘sha mashinalar, uy yumushlarini bajaradigan xizmatchilardan tortib, bolalariga qaraydigan enagagacha yolladi. Hayotini turmush sharoitini doim yaxshilashga harakat qilib yurardi. To‘qlikka sho‘xlik bo‘ldimi, xotini Ruslanga boshqasini sevib qolganini va unga turmushga chiqishini aytdi. Nazarimda, Ruslanda hayotga bo‘lgan juda katta qiziqish va ishtiyoq o‘sha onda so‘ndi.
— Uning atrofidagi do‘stlari u bilan birga bo‘lishmadimi, uni qaytarishga urunishmadimi?
— Estrada olamida hech kim bir-biriga chindan do‘st emas nazarimda, bu yerda hammasi pulga bog‘liq. Bugun yulduzlik darajasiga yetgan qanchasini o‘z vaqtida shu darajaga yetishiga sababchi bo‘lgan, ammo ularning ba'zilari uning tushkunlik holatidan foydalangan vaziyatlari ham bo‘ldi.
Suratlarga nazar solgach...
— Ha, bugun u mana shunday insonga aylangan.
— Ushbu suratlar butun xalq va san'at ahlini larzaga soldi. Otasi qanday inson bo‘lgan?
— U ham o‘z sohasini juda iste'dodli sohibi bo‘lgan. Biroq u ham juda ko‘ngli bo‘sh odam edi. Ruslan ham juda ko‘ngli bo‘sh inson, boshiga tushgan barcha narsaga ham uning mana shu harakteri sabab. Kuchli emas, hayot sinovlariga taslim bo‘ladigan, kurashuvchanlik qobiliyati yo‘q inson.
— Uning suratlarini ko‘rib, aksariyat san'atkorlar bosh ko‘tardi, ulardan birortasi keldimi?
— Hech kim kelmadi. U ishlagan biror hamkasbi na Izzat Ibrohimov, na Rashid Xolikov va na Toxir Sodiqov, birortasi kelmadi.
— O‘rtangizda ona va o‘g‘il munosabatlari qanday?
— Meni yaxshi ko‘radi, ba'zida oldimga kelib oyoqlarimga bosh egib yig‘laydi. Hayotimdagi hamma narsadan aziz insonimsan.
“agar istasam ertagayoq avvalgidan-da zo‘r bo‘lib ketishim mumkin. Hech qanday davolash kerakmas. Istasam men o‘zim hamma narsani uddasidan chiqa olaman” deyishini ta'kidlab, o‘g‘lini davolash niyati borligini, uni avvalgi holiga qaytishiga ishonishini ta'kidlaydi xonandaning onasi.
Azim Mullaxonov: - Ruslan Sharipovning turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan suratlarini ko‘rib, odamlarning bu darajada mehrsiz bo‘lib ketganidan xafa bo‘ldim. Ruslan Sharipovni suratga olayotgan odam ichida nimalarni o‘yladi ekan-a? Nahotki, shundoq ulug‘ kunlarda birovni muhokama qilishdan rohatlanishsa? Bu sog‘lom fikrli odamning fazilatlariga kiradimi? Birovga zarari tegyaptimi shu xonandani? Birovning shaxsiy hayotini muhokama qilishga vaqt topishganini qarang... Seni oilangda, o‘zingda muammo yo‘qmi? Birov suratga olib tarqatib yubormayapti-ku? Juda qattiq xafa bo‘ldim bu gap-so‘zlardan... Ruslan Sharipovning nafaqat o‘zini, ijodini ham hurmat qilaman. O‘z vaqtida yaxshi ijod qildi, ustoz deganlarga yo‘l ko‘rsatdi. Balki hozir bu san'atkorning hayotida qanaqadir “o‘tish davri” bo‘layotgandir. Hayot bir tekis emas-ku? Buni muhokama qilish saytlarga chiqarib, elga ovoza qilish shart emasdi...
Ayni damda xonandaning toqqa ketganligini aniqladik va u bilan bog‘lanishga urindik. Xonandaning telefon raqami o‘chirilgan. Ayni damda u bilan birga tog‘da dam olayotgan yaqin dso‘tlaridan biri Sanjar Abduyusupov bilan bog‘langanimizda esa, u: Hozir Ruslanning ahvoli ancha yaxshiligi, kayfiyatini imkon qadar ko‘tarishga, uni chalg‘itishga harakat qilayotganligini aytdi.
Biz bundan xursand bo‘ldik. Harqalay oldida yaqin do‘stlari bor ekan. Zero aksar hollarda quvonchli kunda hamma, sinovli kunda esa sanoqli insonlargina kishining yonida qoladi. Shunday ekan, ayni damda xonandaning yolg‘iz emasligidan xursand bo‘ldik. Ammo xonandaning onasi ta'kidlaganidek san'atkor do‘stlarining Ruslandan ancha uzoqlashgani kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Qo‘shiqlari bilan butun boshlik Xalqqa quvonch, shodlik ulashayotgan, to‘y va boshqa marosimlarda hozir-u nozir bo‘lgan, yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan va boshqa estrada vakilari nahotki birgina ko‘ngli g‘am-g‘ussaga to‘lgan hamkasbining ko‘ngliga qo‘l sololmaydi?
Xalqda “Odam taftini odam oladi” degan ibratli gap bor... Bir og‘iz shirin so‘z, ko‘ngilni ko‘taruvchi yaxshi gaplar ayniqsa, ijodkorga ruhan madad bo‘larmidi?