«Real» jamoasining fransiyalik hujumchisi, Yevropa chempionatidan chetda qolgan Karim Benzema terma jamoaning Ruminiyaga qarshi o‘tkazgan turnirning birinchi uchrashuvini o‘z uyida tomosha qildi.
U o‘z instagramida uyida, plazma televizori qarshisida tushgan suratini joylashtirgan va terma jamoaga omad tilagan.
Fransiya futbol federatsiyasi Benzemani Mate Valbuenani shantaj qilish ishi yuzasidan 2015 yilning dekabrida terma jamoadan vaqtincha chetlashtirgandi.
Mart oyida Fransiya sudi Benzemadan Valbuena bilan muloqot qilish bo‘yicha taqiqni olib tashladi va terma jamoa safida to‘p surishiga ruxsat berdi. Shunga qaramay, 28 yoshli hujumchi Fransiyaning Niderlandiya va Rossiya termalariga qarshi mart oyida bo‘lib o‘tgan o‘yinlariga chaqirilmagan edi.
Fransiya futbol federatsiyasi prezidenti Noel Le Gre futbolchining terma jamoaga qaytarilmasligini bildirgandi.
Aprel oyida Karim Benzema Yevro–2016 turnirida ishtirok etmasligini ma'lum qildi.
«Fransiya terma jamoasining 2010 yilgi jahon chempionati tarkibiga kiritilmaganimda shokka tushgan edim, ammo o‘z uyingda bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionatini o‘tkazib yuborish yanada qiyin bo‘ladi. Bu hayotimdagi eng achinarli holat. Men «Real» safida o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim, klub bilan Yevropa Chempionlar Ligasida zafar quchdim. Agar yomon futbolchi bo‘lganimda, sovrinlar yuta olmasdim», – deya munosabat bildirgandi Benzema.
Fransiya terma jamoasi safida ilk o‘yinini 2007 yilda o‘tkazgan Benzema bugungi kunga qadar 81 uchrashuvda maydonga tushib, 27 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.