Armaniston va Ozarbayjon: uzoq yillik tortishuvga bu yil barham beriladimi?

Jahon 14:02 / 11.06.2016 8451

Tog‘li Qorabog‘ mojarosining tomonlari sifatida faqat Armaniston va Ozarbayjon ko‘riladi. Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati rahbari Xikmet Gadjiyev bayonot berdi. U “muzokoralar jarayoniga Tog‘li Qorabog‘da tashkil etilgan noqonuniy rejimni ham qo‘shish kerak”, degan ayrim mamlakatlar taklifiga izoh berar ekan, YeHXT hujjatlarida ta'kidlanganidek, arman-ozarbayjon mojarosi tomonlari sifatida Armaniston va Ozarbayjon ko‘rilishini, manfaatdor tomonlar sifatida esa Tog‘li Qorabog‘dagi ozarbayjon va arman jamoalari ekanligini eslatib o‘tdi. Gadjiyevning aytishicha, Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjonga tegishli bo‘lib, mazkur mintaqada istiqomat qiluvchi arman va ozarbayjon jamoalari bir xil huquqlarga ega. “Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjonning tarixiy va yuridik hududidir. Armaniston tomonidan egallab olingan mazkur hududlar Ozarbayjonga tegishli ekanini biror bir davlat, biror bir xalqaro tashkilot shubha ostiga olmagan. Birortasi ham. Hatto Armanistonning o‘zi ham bunga shubha qilmaydi”, dedi tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili.

Shuni ta'kidlash kerakki, Armaniston nafaqat Tog‘li Qorabog‘ni, balki uning atrofidagi Ozarbayjonga tegishli yettita tumanni okkupatsiya qilgan. Buning oqibatida 1 milliondan ortiq ozarbayjonlik o‘zlarining kindik qoni to‘kilgan makonlaridan bosh olib ketishga majbur bo‘ldi.

BMTning to‘rtta rezolyutsiyasida, Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan qarorda, nufuzli xalqaro tashkilotlarning bir qator rezolyutsiyalarida, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi, Yevroparlament qarorlarida okkupantlarning zudlik bilan Ozarbayjon hududlaridan chiqib ketishi talab qilinadi.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi majoro 1988 yilning fevral oyida boshlangan. O‘shanda Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati Ozarbayjon tarkibidan chiqishini ma'lum qilgan edi. 1992 yildan beri mojaroni barqarorlashtirish maqsadida YeHXT Minsk guruhi doirasida muzokoralar olib borilmoqda. Ozarbayjon hududiy yaxlitligi saqlanib qolinishini talab qilayotgan bo‘lsa, Armaniston tan olinmagan respublika manfaatlarini himoya qiladi. 

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev kuni kecha Bokudagi musulmon mamlakatlari diplomatik korpus vakillari bilan uchrashar ekan, Armaniston tomoni mojaroga diniy tus berayotganini ta'kidlab o‘tdi. “Armaniston tomoni mojaro borasida Yevropa mamlakatlariga noto‘g‘ri ma'lumot bermoqda. Ular, shuningdek, mojaroga diniy tus berishga urinmoqda. Ayrim hollarda ular xristianlar qadriyatlarini himoya qilishayotganini aytishmoqda”, der ekan Aliyev, Ozarbayjonda masjidlar bilan bir qatorda cherkov va sinagoglar faoliyat yuritayotganini, Bokudagi armanlar cherkovini ta'mirlash uchun mablag‘ ajratilganini eslatib o‘tdi.

Shu yilning 16 may kuni Venada Armaniston va Ozarbayjon prezidentlari Serj Sargsyan va Ilhom Aliyev AQSh, Rossiya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari vositachiligida uchrashib, muzokaralar olib borishdi. Qabul qilingan bayonotda aprel oyida boshlanib ketgan keskinlikni yumshatish va mojaroni barqarorlashtirish maqsadida tez kunlarda muzokaralar boshlanishi ta'kidlanadi. Vena uchrashuvidan keyin mojaroni barqarorlashtirish yo‘lida umidlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Germaniya vitse-kansleri Zigmar Gabriel bayonot berdi. Kantsler Angela Merkel esa Ilhom Aliyev bilan uchrashar ekan, Tog‘li Qorabog‘ mojarolarini barqarorlashtirishda Rossiya muhim rol o‘ynaydi, dedi.

Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston prezidentlarining uchrashuvi iyun oyi so‘nggida Sankt-Peterburgda bo‘lishi rejalashtirilgan. YeHXTning Minsk guruhining AQShdan hamraisi Jyeyms Uorlik Ozarbayjon va Armaniston prezidentlarining iyun oyi so‘nggida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan uchrashuvini tasdiqladi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlarining uchrashuviga tayyorgarlik ishlarini olib borayotganini ma'lum qilgan edi.

Ozarbayjonning Rossiyadagi elchisi Po‘lat Bulbul o‘g‘li ikki mamlakat prezidentlarining iyun uchrashuvi Boku uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Respublikasi kuni munosabati bilan Bokuda bo‘lib o‘tgan tantanali qabul marosimida nutq so‘zlagan prezident Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ mojarosi tinch yo‘llar bilan hal qilinishiga umid bildirdi. U o‘z so‘zida yaqinda Venada Armaniston prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv samarali bo‘lganini ta'kidladi. Ilhom Aliyevning so‘zlariga qaraganda, Ozarbayjoning hududiy yaxlitligi muzokoralar mavzusi bo‘lmaydi. “Bu Ozarbayjon hududiy yaxlitligi doirasida hal qilinishi kerak. BMT Xavfsizlik Kengashining to‘rtta rezolyutsiyasi bajarilishi zarur”, dedi Ozarbayjon rahbari. “Ozarbayjon xalqi ham, Ozarbayjon davlati ham hech qachon tarixiy tuproqlarimizda ikkinchi arman davlati tuzilishiga yo‘l qo‘ymaydi”, dedi Ilhom Aliyev. Shu bilan birga u Tog‘li Qorabog‘ xududlarida istiqomat qilib kelayotgan armanlar haqida gapirar ekan, bundan keyin ham bemalol emin - erkin yashayverishlarini aytib o‘tdi. “Bizning mavqeimiz shu: har kim qayerda yashagan bo‘lsa o‘sha yerda yashashi kerak”, dedi Ozarbayjon rahbari. U multikulturalizm jihatidan Ozarbayjon namunaviy mamlakat ekanini qayd qilib o‘tdi.

Sharofiddin To‘laganov.

Ko‘proq yangiliklar: