O‘zbekistonda 10 iyun kunidan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi.
Mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2015 yilning 18 noyabrida qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2015 yilning 3 dekabrida ma'qullangandi.
Hujjat 2015 yilning 9 dekabr kunida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov tomonidan imzolangandi.
Qonun 5 bob, 34 moddadan iborat bo‘lib, rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangandi. «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonun «Umumiy qoidalar», «Elektron hukumat sohasini davlat tomonidan tartibga solish», «Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish», «Elektron hukumatning ishlashini tashkil etish» va «Yakunlovchi qoidalar» kabi 5 bobdan tarkib topgan.
Qonunga ko‘ra, elektron hukumat – davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta'minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron hukumat sohasidagi vakolatli organdir.
Elektron davlat xizmatlari axborot va interaktiv davlat xizmatlari tarzida bo‘lishi mumkin.
Qonunga ko‘ra, so‘ralayotgan elektron davlat xizmati bo‘yicha elektron hujjat tarzida yuborilgan javob qog‘oz shaklida yuborilgan javobga tenglashtiriladi.
Elektron davlat xizmatlari ariza beruvchilarga davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali hamda davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishning yagona nuqtasi bo‘lgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.
Elektron hukumat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2 iyun kuni «Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.
Hujjat «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonunni amalga tatbiq etish doirasida qabul qilindi.
Hujjatda davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish jarayonida ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, aholi va biznes vakillaridan talab qilinadigan hujjat va so‘rovlarni qisqartirish, xizmat ko‘rsatish jarayonini soddalashtirish, shuningdek, davlat organlari hujjatlarini yagona shaklga keltirish kabi vazifalar belgilab berilgan.
Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish tartibi bir necha bosqichdan iborat. Avvaliga aholi va biznes vakillariga ko‘rsatiladigan, talab yuqori bo‘lgan xizmatlar tahlillar asosida aniqlab olinib, samarali xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq to‘siqlar o‘rganiladi.
Shundan so‘ng elektron xizmatlarni ko‘rsatishning eng maqbul usuli ishlab chiqilib, qonunchilik doirasida jamoatchilik va ekspertlar fikr-mulohazasi asosida takomillashtiriladi.
Yuqoridagilardan tashqari, qonunda elektron davlat xizmatlari reglamentini ishlab chiqish, shuningdek, vazirliklararo elektron aloqa va elektron hukumatning yagona identifikatorlari (jismoniy va yuridik shaxslar, kadstr, ko‘chmas mulk, geografik va boshqa obektlarni aniqlashtirishga imkon beradigan o‘ziga xos kodlar) ko‘zda tutilgan.