9 iyun kuni Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanidagi texnopark (sobiq tekstil kombinati) hududidagi yong‘in kislorod balloni portlashi oqibatida yuz bergan. Bu haqdagi ma'lumot Toshkent shahar Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan.
Polizol ishlab chiqaruvchi (laminat ostiga yotqizishga mo‘ljallangan material) sexda propan va kislorod ballonlari saqlashga ruxsat berilgandi.
Xabar qilinishicha, yong‘in ikkita kislorod va o‘n ikkita propan balloni portlashi ortidan kelib chiqqan.
Yong‘in 9 iyun kuni kechqurun, soat 22:00 da boshlandi. Yong‘in 300 kv.m maydonni qamrab olgan. Hodisa joyiga 8ta o‘t o‘chirish mashinasi yo‘llangan. Soat 23:00da yong‘in o‘chirilgan. Jabrlanganlar va qurbonlar yo‘qligi aytilgan.
Yakkasaroy texnoparki 2013 yilning dekabrida, sobiq Toshkent tekstil kombinati o‘rnida tashkil qilingan edi. Maydoni 65 gektar bo‘lgan hududda 25 ta kichik va o‘rta tadbirkorlik korxonalari faoliyat yuritmoqda.