AQSh prezidenti Barak Obama Afg‘onistonning "Tolibon" harakatiga qarshi kurashayotgan Amerika harbiy xizmatchilari vakolatlarini kengaytirishni ma'qulladi, deb xabar qilgan Reuters axborot agentligi.
"Oq uy rahbari Barak Obama AQSh harbiy kuchlarini toliblarga qarshi kurashayotgan afg‘on kuchlariga yordam berishda qo‘shimcha vakolatlar bilan ta'minladi", degan agentlikning Pentagondagi vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ektremistlarga qarshi amaliyotlarda Amerika harbiy aviatsiyasidan ko‘proq foydalanish imkonini beradi. Ammo davlat rahbarining qarorini toliblarga qarshi aviazarbalar berish bo‘yicha bitim deb baholamaslik kerak, deya oydinlik kiritgan Pentagon vakili.
Eslatib o‘tamiz, 2014 yil oxirida AQSh va NATOning boshqa mamlakatlari Afg‘onistondagi "harbiy missiya"ni tamomlaganini e'lon qilgan va mamlakatdagi barqarorlikni nazorat qilish vazifasini Afg‘on xavfsizlik kuchlariga topshirgan edi.
AQSh prezidenti dastlab, barcha amerikalik harbiy xizmatchilarni 2017 yil boshigacha vatanlariga qaytarishni rejalashtirgan edi. Ammo Afg‘onistondagi vaziyat beqaror bo‘lgani bois, o‘z fikrini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lgandi. Shunday qilib, hozirda bu davlatda 9,8 ming amerikalik harbiylar xizmat qilmoqda. Kelasi yili bu raqam 5,5 minggacha qisqartirilishi mumkin.