Aqto‘bedagi aksilterror amaliyotlar vaqtida ekstremistlar qurolli qarshilik ko‘rsatmoqda

Jahon 10:53 / 10.06.2016 7906

Aqto‘beda 5 iyun kungi teraktlarga aloqadorlarni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya davom etmoqda. Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sayti xabariga ko‘ra, ozodlikdagi ekstremistlar qurolli qarshilik ko‘rsatmoqda.

"Taslim bo‘lish haqidagi taklifga terrorchilar qurolli qarshilik bilan javob qaytardi. Aqto‘be viloyatining terrorizmga qarshi kurashish tezkor shtabi tomonidan operatsiya o‘tkazilmoqda. Tadbirlar davom etmoqda. Keyinroq qo‘shimcha ma'lumotlar beriladi", — deyilgan qo‘mita xabarida.

Qo‘mita bu amaliyotlar davomida tinch aholi vakillari hayotiga tahdid yo‘qligini ma'lum qilgan.

Bundan oldinroq, mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev aksilterror amaliyotlar chog‘ida teraktlarga aloqador kishilar qarshilik ko‘rsatgan holatda, ularni yo‘q qilishga ko‘rsatma bergandi.

5 iyun kuni Aqto‘be shahridagi uchta tumanda 2ta qurol-aslaha do‘koni va bir harbiy qismga hujum qildi. Bu hujumlar tufayli uch harbiy va to‘rt fuqaro halok bo‘ldi, kamida 38 kishi yaralandi.

Qozog‘iston IIV bu hodisani terakt deb baholadi. Jinoyatchilarning maqsadi qurollarga ega bo‘lish bo‘lgan, ular diniy radikal oqim vakillari ekani aytilgan.

Bungacha hukumat kuchlari o‘tkazilgan amaliyotlar davomida 13 nafar terrorchi yo‘q qilingani, 9 nafari qo‘lga olingani haqida ma'lum qilgandi. Terrorchilarning olti nafari qidirilmoqda, ularning qayerda ekanligi haqidagi ma'lumot uchun 5 million tenge mukofot puli e'lon qilingan.

Qozog‘iston bo‘ylab 40 kunga terrorchilik xavfining "sariq" darajasi joriy etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: