Yaponiyaning Honda avtokonserni butun dunyo bo‘ylab 780 ming avtomobilini chaqirib olishga qaror qildi, deb xabar qilmoqda Yaponiya yer, infratuzilmalar va transport vazirligi.
Qayd etilishicha, kompaniyaning 15 ta modeli, jumladan, Odyssey miniveni ham chaqirib olinadi. Yaponiya ma'muriyatining qayd etishicha, ularning aksariyati Takata firmasi ishlab chiqqan xavfsizlik yostiqchalaridagi nosozlik sabab qaytarib olinadi.
Yaponiyaning Takata kompaniyasi 2014 yilda mojaro markazida bo‘lib qolgan edi. AQSh ma'muriyati, ushbu kompaniya ishlab chiqqan xavfsizlik yostiqchalari, piropatrondagi nosozlik tufayli halokat vaqtida noto‘g‘ri ochilishi yoki yorilib ketishi yo bo‘lmasa temir parchasini otishi mumkinligini aniqlagan edi.
Shu kabi hodisalar oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan. Ularning 10 nafari Amerikada yuz bergan voqealar qurbonidir. Shu sababli, butun dunyoda chaqirib olinayotgan mashinalar soni 100 mln dan ortib ketgan.