Afrikaning uncha katta bo‘lmagan mamlakati, bir paytlar dahshatli fuqarolar urushidan yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan edi. Endilikda u rivojlanish sur'atlari bilan dunyoni lol qoldirmoqda.
Ruanda – Markaziy Afrika sharqida joylashgan, 12 mln nafarga yaqin kishi istiqomat qiladigan mamlakat. U 1990-1994 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushida, millionlab kishilar ommaviy qatliom qilinishi bilan dunyoga "dong" taratgan edi. O‘shanda odamlarni o‘ldirish sur'ati natsistlarnikidan o‘tib ketgandi.
Xalqaro hamjamiyatning aralashuvidan so‘ng, bunday vahshiyliklarga barham berilib, Ruanda ham uzoq vaqtlar OAV e'tiboridan chetda bo‘ldi. Ammo o‘sha mash'um genotsid, fuqarolik urushi, vayronagarchiliklar va ocharchilikdan atigi 22 yil o‘tib, mamlakat ko‘plab sohalar bo‘yicha Afrika qit'asining yetakchi davlatlari ro‘yxatidan joy ola boshladi.
Londonning Legatum Institute tomonidan e'lon qilingan Afrikadagi taraqqiyot darajasiga oid hisobotga ko‘ra, Ruanda rivojlanish sur'atlari bo‘yicha birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilgan. Sodda til bilan aytganda, bu mamlakat boshqa barcha mamlakatlarga qaraganda tezroq rivojlanmoqda. U ta'lim, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvining sifati, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchi o‘nlikdan joy olmoqda. Sharqiy Afrika mamlakatlari orasida esa, Ruanda eng rivojlanayotgan mamlakat deb topilgan. Turmush darajasi ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, qit'ada sakkizinchi o‘rinni egallagan.
Aytish joizki, mamlakatning bunday muvaffaqiyati «Ruanda vatanparvarlar fondi» yetakchisi Pol Kagame nomi bilan bog‘lanadi. U Ruandani boshqara boshlagan 2000 yildan mamlakat taraqqiyot sari yuz tutdi.
Pol Kagame hech qachon Singapurni Singapur qilgan Li Kvan Yudan o‘rnak olishini yashirmagan. Ruanda prezidenti ham Singapur muvaffaqiyatini takrorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
U ham Ruandani xuddi Li Kvan Yu kabi "temir qo‘l" bilan boshqarmoqda. Ruandada korrupsiyaga ayovsiz kurash e'lon qilindi, davlat boshqaruv apparati keskin qisqartirildi, mulozimlarning maoshi esa, ularning qilgan ishlariga bog‘landi. Iqtisodiyot o‘ta liberallashtirildi. Ko‘plab nazorat-taftishlarga chek qo‘yildi.
Davlat har qanday tadbirkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqda. Korxonani ro‘yxatga olish yengilligi bo‘yicha Ruanda jahonda 37-o‘rinda turadi. Mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish borasida 12, kredit olish yengilligi bo‘yicha, qanchalik ishonish qiyin bo‘lmasin 2-o‘rinda turadi. Doing Business reytingida, sharqiy Afrika respublikasi o‘ziga munosib joyda, Lyuksemburgdan keyingi 62-o‘rinda. Albatta, Singapur darajasiga yetish uchun ancha borligiga qaramay, Ruanda ko‘zlangan taraqqiyot uchun ildam qadam tashlamoqda.
Kagame mamlakat iqtisodiyotini xizmat ko‘rsatish va yuqori texnologiyalar negizida barpo etishni rejalashtirgani bois, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bir paytlar xayolga ham kelmagan sayyohlik sohasi, bugungi kunda mamlakat YaIMning qariyb yarmini ta'minlayapti. Sayyohlar dunyoning turli burchaklaridan Ruandaga tashrif buyurmoqda.
Shu sababli, mamlakatga xorijiy sarmoyalar ham oqib kela boshladi. Ruanda poytaxti Kigali shahrida xorij banklarining shoxobchalari ochilmoqda, dunyo chakana savdo tarmoqlari qurilayapti. Yigirma yil ichida, Ruandaning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha 500 dollardan 2015 yilda 1800 dollarga chiqdi.
Nima bo‘lganda ham, garchi g‘arb ekspertlari Ruandada demokratiya yo‘qligini ta'kidlashsa-da, mamlakat aholisi so‘nggi prezidentlik saylovida yana bir bor Pol Kagamega ishonch bildirdi. Uni saylovchilarning 95 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Bu esa Ruanda taraqqiyot sari odimni dadil davom ettirishini anglatadi.