Sakkiz nafar o‘zbekistonlik dzyudochi Braziliyada o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

Sport 16:55 / 08.06.2016 4284

Xalqaro dzyudo federatsiyasi 2016 yilning 5–21 avgust kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilar ro‘yxati e'lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi sakkizta yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Jumladan, erkaklar terma jamoasi barcha yettita (-60 kg, -66 kg, -73 kg, -81 kg, -90 kg, -100 kg va +100 kg) vaznda yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Ayollar terma jamoasidan birgina Gulnoza Matniyozova (-70 kg) qit'aviy kvota orqali Olimpiada o‘yinlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun reyting ochkolari o‘ynalgan musobaqalar yakunlariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida har bir vazn toifasida 1–22-o‘rinni, xotin-qizlar orasida esa 1–14-pog‘onalarni egallagan sportchilar Rio–2016 o‘yinlariga yo‘llanma oladi. Qoidaga ko‘ra, har bir vazn toifasida bir davlatdan faqatgina bir nafar sportchi yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, qit'aviy kvotalar orqali ham sportchilarga Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari beriladi.
Erkaklar terma jamoasining ikki nafardan sportchisi -60 hamda -81 kilogramm vazn toifalarida kuchli 22 talikdan o‘rin egallagan. Bular, Diyorbek O‘rozboyev (-60 kg) va Sharofiddin Lutfullayev (-60 kg) hamda Shahzodbek Sobirov (-81 kg) va Yahyo Imomov (-81 kg). Ularning qay biri Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘l olishi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan e'lon qilinadi.

Qolgan vazn toifalarida Rishod Sobirov (-66 kg), Mirali Sharipov (-73 kg), Sherali Jo‘rayev (-90 kg), Soyib Qurbonov (-100 kg) va Abdullo Tangriyev (+100 kg) kuchli 22 talikdan o‘rin egallab, Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: