Buyuk Britaniyaning Daily Mail gazetasi eng mashhur «soxta» qadamjolar ro‘yxatini e'lon qildi. Gazetaning qayd etishicha, bu yodgorliklarni qurshab olgan afsonalar ularning haqiqiy tarixi bilan kam hollardagina mos keladi.
Jumladan, «Qirolichaning maxfiy xizmatida» (1969) filmidagi Shveytsariyaning Shiltxorn cho‘qqisida joylashgan Piz Gloria restoranini misol qilish mumkin. Film suratga olingunga qadar, qurilish ishlari tugallanmagan edi. Biroq ishlab chiqaruvchi kompaniya ishni yakunlashga moliyaviy ko‘mak ajratadi va restoran Jyeyms Bond uchun tabiiy makonlardan biriga aylanadi.
Shuningdek, ro‘yxatga Jonni Depp ishtirokidagi «Uyqudagi vodiy» filmi hamda xuddi shu nomli serial orqali tanilgan Nyu-Yorkning Slipi-Hollou qishlog‘i ham kiritildi.
Bundan tashqari, reytingda Jyeyms Hiltonning «Yo‘qotilgan ufq» asarida o‘ylab topilgan Shangri-La mamlakati ham mavjud. 2001 yilda Xitoyning Chjundyan shahri aynan shunday nomni olgan.
Gazetada yozilishicha, o‘ylab topilgan yoki «soxta» diqqatga sazovor joylar orasida Kvay (Tailand) daryosidan o‘tuvchi ko‘prikni ham uchratish mumkin. Bu haqida Per Bulning kitobida aytib o‘tilgan, ammo real hayotda Kvay daryosining ustidan hech qanday ko‘prik o‘tmagan. Yozuvchiga Ikkinchi jahon urushida qurilgan Mekong daryosidan o‘tuvchi ko‘prik ilhom bag‘ishlagan va oqibatda asar hikoyasiga mos kelishi uchun daryoning bir qismini qayta nomlashga to‘g‘ri kelgan.
Haqiqiy Chekpoynt Charli nazorat nuqtasi (Germaniya) 1990 yilda buzib tashlangan bo‘lib, hozir u yerda faqatgina bino nusxasini ko‘rish mumkin. Beyker-strit, 221B (Buyuk Britaniya) va Bran qasri (Ruminiya) — o‘ylab topilgan Sherlok Holms va Drakula vampiri qahramonlarining turar joylaridir.
Yana bir mashhur diqqatga sazovor joylardan biri Shekspirning mashhur asaridagi Juletta balkoni (Italiya) sanaladi.
Shuningdek, hozirgi File oroli (Misr) — dastlab Agilkiya oroli bo‘lgan. U yerga Asvon to‘g‘oni qurilishi sababli qadimgi ibodatxonalarni olib o‘tishga to‘g‘ri kelgan.