Buyuk Britaniyada 2 iyunda bir tomonida mamlakatning sobiq bosh vaziri Uinston Cherchill, ikkinchi tomonida qirolicha Yelizaveta II tasviri tushirilgan 5 funt sterling qiymatdagi plastik banknotalar qanday ko‘rinishda bo‘lishi namoyish qilindi, deb xabar bermoqda Bloomberg axborot agentligi.
Angliya banki boshqaruvchisi Mark Karnining aytishicha, yangi banknotalar barcha ta'sirlarga bardoshli va toza hamda puxtaroq bo‘ladi.
"Polimer banknotalar ularga bordo tomizilishi, yonib turgan kul tushishi, it g‘ajishi yoki kir yuvish mashinasida yuvib yuborilishga ham chidamli bo‘ladi", deb aytdi Karni.
Ma'lum qilinishicha, yangi banknotalar 13 sentabrdan muomalaga kiritiladi.
Avval ma'lum qilingandek, ingliz yozuvchisi Jyeyn Ostin tasviri tushirilgan 10 funt sterlinglik banknotalar 2017 yildan avval muomalaga kiritilmaydi. Shuningdek, 2020 yilgacha rassom Uilyam Terner portreti bo‘lgan 20 funt sterlinglik banknotalar chiqariladi.
Hozirda amalda bo‘lgan, jamoat arbobi Elizabet Fray portreti tasvirlangan 5 funt sterlinglik qog‘oz pullar 2017 yil mayigacha qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qoladi. Ushbu muddat tugagach, ularni Buyuk Britaniya Markaziy bankida almashtirishga to‘g‘ri keladi.