2016 yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vazirligi vakillari tashrif buyurdi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Adliya vaziri Muzraf Ikramov, Saudiya Arabistoni delegatsiyasiga esa Adliya vaziri o‘rinbosari Yusuf ibn Abdulaziz Al-Farraj rahbarlik qildi.
Mazkur tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘z kirish so‘zi bilan ochib, Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vazirligi vakillariga bugungi kunda mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy – ijtimoiy va sud-huquq islohatlari hamda ikki davlat o‘rtasida savdo-sotiq, iqtisodiyot, fan va texnika, madaniyat, sport va yoshlar siyosatiga oid, shuningdek ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.
Uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistonning milliy huquq tizimi hamdaO‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining asosiy faoliyati va yo‘nalishlari bilan tanishtirildi.
Shundan so‘ng, Saudiya Arabistoni delegatsiyasi rahbari, Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vazirining o‘rinbosari Yusuf ibn Abdulaziz Al-Farraj O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri va delegatsiyasiga yuksak ehtirom va e'tibor uchun chin ko‘ngildan minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari, Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vazirligining asosiy faoliyati va yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Muzokaralar do‘stona va amaliy ruhda o‘tkazildi. Tomonlar har ikkala davlat Adliya vazirliklari hamkorligi bo‘yicha Memorandum loyihasi kelishuviga erishdi va loyiha delegatsiya rahbarlari tomonidan ma'qullandi.
Muzokalar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vazirligi vakillari ishtirokida ikki mamlakat adliya vazirliklari o‘rtasidagi anglashuv Memorandumi loyihasining muhokamasi bo‘yicha kelishuv bayonnomasi imzolandi.