O‘zbekiston Rossiyaga yetkazib beradigan meva-sabzavotlar hajmini 17 baravarga oshirishi mumkin

Iqtisodiyot 12:30 / 02.06.2016 19220

O‘zbekiston Respublikasi Rossiyaga yiliga 800 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berishga tayyor, deb bayonot bergan Respublika tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev, Rossiya delegatsiyasi bilan o‘tkazgan muzokaralarda. 

2016 yil 29-31 may kunlari Rossiya qishloq-xo‘jaligi vazirligi vakillari, rus ishbilarmon doiralari hamrohligida O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. Ular O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya bozoriga yetkazib berish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha qator muzokaralar olib borishgan. 

Xususan, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri bilan o‘tkazilgan muzokaralarda, G‘aniyev o‘zbek tomoni o‘zining meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiyaga yanada ko‘proq eksport qilishdan manfaatdor ekanini aytib, 800 ming tonnadan ortiq sabzavot-meva, jumladan, poliz mahsulotlari va uzum yetkazib berishga tayyorligini bildirgan. 

Tomonlar o‘zaro muloqot chog‘ida, ushbu masala yuzasidan uzoq muddatli hamkorlik qilish imkoniyatlarini ham muhokama etishgan. 

Rossiya delegatsiyasi, o‘z safari doirasida, shuningdek, O‘zbekiston agrar korxonalari rahbarlari bilan uchrashgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi ishlab chiqarish quvvatlarini borib ko‘rgan. 

2015 yili O‘zbekistonda 12,59 mln tonna meva-sabzavot yetishtirilgan. Shundan, 1,85 mln tonna poliz mahsuloti, 1,55 mln tonna uzum va 2,73 mln tonna mevadir. 

Yevroosiyo komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda O‘zbekiston Rossiyaga  33,4 mln dollarlik meva-sabzavot yetkazib bergan.

Ko‘proq yangiliklar: