Toshkentning «Oqtepa» klubi o‘z safiga Roberto Badjo ismli futbolchini qo‘shib oldi

Sport 12:27 / 02.06.2016 14227

Moliyaviy muammolari tufayli Birinchi ligadan chetlatilgan Toshkentning «Oqtepa» klubi safida Roberto Badjo to‘p surmoqda. 

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida tavallud topgan Roberto Badjo Nomozov «Oqtepa»ning Toshkent shahar 2-ligasidagi jamoasi a'zosi hisoblanadi. U 1995 yilning 14 aprel sanasida tavallud topgan.

Daryo.uz nashrining taxmin qilishicha, futbolchining otasi Turdimurod aka 1994 yilgi JChdan keyin o‘z farzandiga italiyalik mashhur futbolchi Roberto Badjoning ismini berishga qaror qilgan. O‘zbekistonlik Roberto Badjo italiyalik Roberto Badjoning mashhur penalti zarbasidan 3 kuni kam 9 oydan keyin dunyoga kelgan.

1994 yilgi JChning  Braziliya terma jamoasiga qarshi final o‘yinida Roberto Badjo o‘yindan keyingi penaltilar seriyasidagi so‘nggi zarbani darvoza to‘sini ustidan oshirib tepgandi.

Shu finaldan qariyb 9 oy o‘tib, Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida o‘zbekistonlik Roberto Badjo dunyoga kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyun kuni PFL rasmiy sayti «Oqtepa» klubining moliyaviy muammolar sabab O‘zbekiston 1-ligasidan rasman chetlashtirilgani haqida xabar qildi.

Ko‘proq yangiliklar: