Pokistonlik qiz turmushga chiqish taklifini rad etgani uchun yoqib yuborildi

Jahon 11:25 / 02.06.2016 15791

Pokistonda 18 yoshli maktab o‘qituvchisi turmush qurish taklifiga rad javobi bergani uchun yoqib yuborilgach, 1 iyun kuni olingan jarohatlar tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Pokiston politsiyasi xabar qilmoqda. 

"Jinoyatchilar Mariya Abbosiyni vahshiylarcha do‘pposlab, so‘ngra unga benzin quyishgan va yoqib yuborishgan", deb hikoya qilgan oila a'zolaridan biri CNN telekanaliga.

"Mariya oila a'zolari yaqin oradagi tumanga janozaga ketgani sabab, uyida 5 yoshli singlisiga qarab qolgan", - degan uning amakisi Rafaqat Abbosiy. 

Janoza vaqtida qizning oila a'zolari voqeadan xabardor etilgan. Ular esa gaz quvuri portlagani yoki shunga o‘xshash hodisa yuz berganidan gumon qilishgandi.

Mariyaning oilasi dushanba kechasi uylariga yetib kelganda dahshatli voqeaning guvohi bo‘lishgan. 

"Mariya polda tanasining 85 foizi kuygan holda yotar edi", degan uning amakisi. 

Murrey aholi punkti politsiya mahkamasi inspektori Sohayl Abbosiyning aytishicha, voqeadan biroz avval Mariyaning uyiga 4 nafar erkak kishi kelgani aniqlangan.  

Yosh jabrdiyda ayol uyidan 50 km uzoqlikdagi Islomobod shahrida joylashgan Pokiston tibbiy fanlar institutiga olib kelingan. Shu yerda uning joni uzilgan. 

1 iyun kuni 3 nafar gumondor qo‘lga olingan, to‘rtinchi kishi esa qidirilayotgani xabar qilinmoqda. 

Aytish joizki, Pokiston Inson huquqlari komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ayollarga nisbatan turli xil vahshiyona zo‘ravonliklar ko‘plab sodir etiladi. 

2015 yilda politsiya idoralari rasman ayollarni yoqib yuborish bilan bog‘liq 76ta jinoyat bo‘yicha tergov ishlarini olib borgan.

Ko‘proq yangiliklar: