Erkak tennischilar orasida dunyoning birinchi raketkasi, serbiyalik tennischi Novak Jokovich Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan "Rolan Garros" tennis musobaqasining 4-davrasida ispaniyalik Roberto Bautista-Agutani 3:6, 6:4, 6:1, 7:5 hisobida mag‘lub etib, 100 mln dollardan ko‘proq mukofot puli ishlab topgan dunyodagi birinchi tennischi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Sports.ru portali.
Jokovich musobaqaning chorakfinaliga 10 marotaba, "Katta dubulg‘a" musobaqalarining chorakfinallariga esa 36 marotaba chiqdi.
"Rolan Garros" boshlanishidan avval Jokovichning hisobida 99 mln 673 ming 404 dollar mukofoti puli bor edi. Novak Bautistani yutib o‘ziga 328 ming dollar mukofot pulini ta'minlab qo‘ydi. Ya'ni tennischi chorakfinalda yutqazgudek bo‘lsa ham, uning butun faoliyati davomida ishlab topgan mukofot pullari 100 mln dollardan oshadi.
Jokovich "Katta dubulg‘a" seriyasiga kiruvchi musobaqalarning 11 karra g‘olibi hisoblanadi. U Avstraliya ochiq chempionatini 6 marta, Uimbldonni 3 marta, AQSh ochiq chempionatini 2 marta yutgan. Biroq Jokovich Parijda o‘tayotgan musobaqada hali biror marta muvaffaqiyat qozona olmagan.