31 may kuni Xorazm viloyat ma'muriy markazi Urganch shahrida «Kitob olami» tarmog‘ining navbatdagi kitob majmuasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, ochilish marosimida viloyat hokimi Po‘lat Bobojonov va agentlik bosh direktori Amanulla Yunusov ishtirok etdi.
550 kv. m maydonni egallagan do‘konda 2000 dan ziyod nomdagi 25 mingdan ortiq kitob savdoga qo‘yilgan. Tarmoqning boshqa do‘konlarida bo‘lgani kabi bu yerda ham bolalar burchagi hamda kafe mavjud.
Xorazmdagi «Kitob olami» narxlar O‘zbekiston poytaxtidagi tarmoq do‘konlari narxidan farq qilmaydi.
«Kitob olami»ning birinchi do‘koni Toshkentda o‘tgan yilning noyabrida ochilgan edi. Aprel oyi oxiridan Nukus, Namangan, Farg‘ona, Andijon va Samarqandda ham tarmoq do‘konlari ish boshladi. Keyingi navbatda Buxoroda do‘kon ochilishi kutilmoqda.