Syuy familiyali xitoylik o‘smir yigit gadoylik qilish uchun baxtli hayot ilinjida samolyotning yukxonasida Dubayga uchib ketdi. Bu haqida Xitoyning "Jenmin jibao" gazetasi xabar berdi.
Politsiya 16 yoshli Syuyni Dubay aeroportida qo‘lga oldi. U Emirates kompaniyasiga qarashli A380 samolyoti yukxonasida to‘qqiz yarim soatni o‘tkazgan. Aviakompaniyaning Xitoy bo‘limi 25 may kechqurun o‘smir aeroport devoridan oshib tushib, havo kemasining yukxonasiga bilintirmay joylashib olganini aniqlagan. Syuy deportatsiya qilinishi mumkin, shuningdek unga Arab Amirliklariga kirishni taqiqlashlari ehtimoldan xoli emas.
Xitoylik o‘smir bunday qilishga uni nima majbur qilganini aytdi. U Dubaydagi sadaqa so‘rovchilar yiliga bir necha o‘n ming dollar ishlashi to‘g‘risida eshitib, noqonuniy yo‘l bilan bo‘lsa ham o‘sha yergacha yetib olishni rejalashtirgan. Hattoki, qo‘lga olingan taqdirda ham eshitgan ma'lumotlariga asoslanib, BAAda mahbuslarga insoniylikdan kelib chiqib muomala qilishlariga umid qilgan.
"Jenmin jibao" bergan ma'lumotga ko‘ra, so‘nggi paytlarla internet tarmoqlarida Dubayda sadaqa so‘rab minglab dollarlar ishlab olish mumkinligi haqidagi xabarlar ko‘paygan.
"XXR fuqarolari bu kabi mish-mishlarga ishonmasliklariga umid qilaman. BAAda gadoylarga qarshi qator qonunlar qabul qilindi, qonunni buzganlar jazolanishadi", - dedi Xitoyning Dubaydagi bosh konsuli Ma Syuylyan.