Yaponiyaning Toyota Motor korporatsiyasi chorshanba kuni mamlakat hududidagi 9ta zavodida avtomobil yig‘ish ishlarini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bunga avtomobillar uchun tormoz tizimi yetkazib beruvchi korxonada yuz bergan portlash sabab bo‘ldi.
Seshanba kuni shu sabab bilan korporatsiyaning 4ta zavodida ish to‘xtab qolgandi. Bu uzilish 2 iyun kuniga qadar davom etishi taxmin qilingan.
Aisin Seiki kompaniyasi zavodida portlash dushanba kuni ro‘y bergandi. Portlash natijasida 4 kishi jarohatlangan. Bu zavodda Toyota korporatsiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqib hisoblangan Nissan Motor uchun ham tormoz tizimi uchun ehtiyot qismlari tayyorlanadi.
Qayd etilishicha, Toyota faoliyatida bunday uzilish joriy yilda uchinchi marta yuz bermoqda. Fevral oyida mashinalar korpusi ishlab chiqaruvchi zavoddagi portlash tufayli ish to‘xtab qolgandi. Aprelda esa Kyusyu orolidagi Kumamoto prefekturasida ro‘y bergan zilzila Toyota faoliyatiga ta'sir ko‘rsatgandi.