O‘tgan shanba kuni AQShning Tsintsinnati shahridagi (Ohayo shtati) hayvonot bog‘ida 4 yoshli bolakay to‘siqdan tushib ketib, Xarambe laqabli gorillaning qafasiga qulab tushgandi.
Xarambe laqabli 17 yoshli gorilla bolakayni ushlab olib, 10 daqiqa davomida uni o‘zi bilan ko‘tarib yurgan. Hayvonot bog‘i xodimlari bola hayoti xavf ostida qolgani uchun maymunni otib o‘ldirishga qaror qilishgan.
Hozirda bolaning ahvoli yaxshi va u o‘z oilasi bilan birga.
Bu voqea juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Shu kuni «Change.org» saytida farzandini qarovsiz qoldirgan ota-onani jazolashga chaqirilgan talabnoma joylashtirildi. Hozirgacha uni 300 mingga yaqin kishi qo‘llab-quvvatladi.
Bu kishilar gorillaning qafasiga tushib ketgan bolaning ota-onasi o‘z farzandiga tegishlicha e'tibor bermagani uchun javobgarlikka tortilishini talab etishmoqda.
Ular shuningdek, Xarambe kabi gorillalar turi yo‘qolib borayotganini ta'kidlashmoqda: g‘arbiy vodiy gorillalarining soni so‘nggi yigirma yil ichida 60 foizga kamaygan.
"Agar hech qanday zararli ish qilmagan gorillalarni o‘ldirish mumkin deb hisoblansa, u holda bizning shahrimizda maymunlar bo‘lishi kerak emas", - deb yozadi o‘ldirilgan gorillaga bag‘ishlab ochilgan feysbuk sahifasi foydalanuvchilaridan biri Manvinder Singh.
Hayvonot bog‘i direktori Teyn Meynardning qayd etishicha, xodimlar xavf ostida qolgan bolakayni qutqarish uchun maymunni otib tashlab to‘g‘ri ish qilishgan.
Bundan oldinroq, AQSh prezidentligi uchun respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Tramp ham bu voqeaga munosabatini bildirgan va inson hayotini qutqarish uchun jonivorning o‘ldirilishini oqlagandi.