Futbol bo‘yicha Rossiya Professional futbol ligasining «Ural-Povoljye» zonasida Chelyabinskning «Chelyabinsk» jamoasi Novotroitskiyning «Nostoy» jamoasini qabul qildi va bu o‘yinda futbolda kamdan-kam kuzatiladigan holat sodir bo‘ldi.
O‘yinning ikkinchi bo‘limi vaqtida hisob mezbonlar foydasiga 1:0 bo‘lib turganida o‘yin hakami Vladimir Babayev mezbonlar jarima maydonchasida amalga oshirilgan qo‘pollikni qayd etib, 11 metrli jarima zarbasi belgilaydi. Lekin shundan keyin «Chelyabinsk»ning norozi futbolchilari hakamni o‘rab olishgan, uning yordamchilaridan birini turtib maydondan haydashgan va bu vaziyatda qoida buzilmaganini isbotlashga tushishgan. Natijada, penalti bekor qilinib, uning o‘rniga bahsli to‘p maydonga kiritilishi belgilangan.
O‘yin chelyabinskliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.