Avstraliyalik olimlar tajribaviy yo‘l bilan o‘simliklar ularga tegilganini his qila olishlarini tasdiqlashdi. Tadqiqot Plant Physiology jurnalida chop etildi.
"Odamlar o‘simliklar ularga tegilganini his qilmaydilar deb hisoblasalarda, aslida ular tegishlarga javob berishlari ko‘rsatildi", deb aytdi tadqiqotning yetakchi muallifi, G‘arbiy Avstraliya universiteti olimi Olive Van Aken. Olimlarning aytishicha, avvalgi tadqiqotlar o‘simliklar yon-atrofdagi narsalardan yaxshi xabardor bo‘lishini ko‘rsatgandi. Misol uchun, o‘simliklar hasharotlar ularni yeyayotganlarini bilishadi va shikastlanishning oldini olish uchun maxsus kimyoviy moddalar chiqarishadi.
Yangi tadqiqot doirasida olimlar o‘simliklarga suv tomchilarini purkashgan. Bunda ular minglab genlarda o‘zgarishlar yuz berganini aniqlashgan. Bu fiziologik javob rag‘bat paydo bo‘lgandan bir necha daqiqadan keyin boshlangan va yarim soatlarda yakunlangan. "Biz bunday reaksiya suyuqlikdagi kimyoviy moddalar bilan emas, balki jismoniy aloqa, ya'ni barglar sirtiga suv tomchilari tushgani sababli sodir bo‘lganini ko‘rsatdik", deb ta'kidlamoqdalar olimlar.
"Olimlardan farqli, o‘simliklar xavfli sharoitlardan qochib keta olmaydilar. Buning o‘rniga ularda stressdan himoyalanish tizimi shakllangan, bu tizim ularga atrof-muhitni his qilishga imkon beradi, xavfni aniqlash va unga tegishlicha javob berishga yordam beradi", deb aytmoqdalar olimlar.
Olimlar tadqiqot davomida o‘simliklarda tegishga nisbatan reaksiyani so‘ndiruvchi ikkita oqsilni aniqlashdi. Kelajakda ushbu ish o‘simliklarni nazorat qilinuvchi sharoitlarda yetishtirish va soxta rag‘batlarga javob beruvchi genlarni o‘zgartirishda yordam beradi.