WBA (Butunjahon boks assotsiatsiyasi) prezidenti Jilberto Xesus Mendosa o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev hamda avstraliyalik Lukas Braun o‘rtasida o‘tkazilgan jang yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Uning bayonoti World Boxing News saytida keltirilgan.
Tashkilot rahbarining ma'lum qilishicha, WBA (Regular) yo‘nalishi chempionlik kamari uchun 5 mart kuni Grozniy shahrida kechgan jang rasman o‘tkazilmagan deb topilgan va jang natijasi bekor qilingan.
Endilikda, Ruslan Chagayevning professional boksdagi faoliyatida qayd etgan mag‘lubiyatlari soni 3tadan 2taga o‘zgargan.
Eslatib o‘tamiz, Grozniydagi jangda Ruslan Chagayev 10-raundda texnik nokautga uchrab, mag‘lubiyatga uchragan edi. Lekin jangdan so‘ng olingan har ikki doping tekshiruvi Lukas Braunning qon tarkibida taqiqlangan klenbuterol moddasi borligini tasdiqladi. Shu tariqa, avstraliyalik bokschi rasman WBA (Regular) chempionlik kamaridan mahrum etildi. U 6 oy muddatga diskvalifikatsiya qilingan.
Endi Ruslan Chagayev o‘ziga qaytarilgan ushbu chempionlik kamarini Fres Okendodan himoya qilish kerak. Tomonlar ushbu jang yuzasidan 120 kun ichida kelishib olishlari shart.