Toshkentda Baxt ko‘li negizida o‘ta zamonaviy ko‘ngilochar bog‘ paydo bo‘ladi

O‘zbekiston 00:41 / 31.05.2016 22446

Toshkentda 10 iyundan "Baxt" deb nomlangan yangi, o‘ta zamonaviy, suvdagi ko‘ngilochar bog‘ ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sputnik nashri muxbiriga Bektemir tumani ma'muriyatida ma'lum qilindi

Yangi ko‘ngilochar majmua "Baxt" sun'iy ko‘li negizida yaratiladi. Bu ko‘l o‘tgan asrning 70-yillarida Chirchiq daryosi yonida barpo etilgan. 

Manbaning ma'lum qilishicha, bog‘ loyihasi 2014 yildayoq yaratilgan. Biroq uni amalga oshirish uchun 2016 yilgacha kutishga to‘g‘ri kelgan, chunki bog‘ga olib boradigan transport, sarmoyachilarni jalb qilish, ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha bir qator jiddiy muammolarni hal qilish zarur bo‘lgan.

1970-yillar boshidan 2000-yillargacha bu dam olish zonasi Toshkentda eng ommaviy joylardan biri bo‘lgan. Biroq 2005 yildan keyin bog‘ sanitar-gigiyenik holatning yomonlashishi sabab sekin-asta huvillay boshlagan. Bu yerda dam olish betartib bo‘lgan, plyajni tozalash, ichimliklar va yeguliklar sotish bilan shug‘ullanuvchi biror kompaniya bo‘lmagan.

Shuningdek, Chirchiqning yuqorisida qum va shag‘al tosh ishlab chiqaruvchi yangi karerning paydo bo‘lishi suvni kuchli ifloslantirgan va bu yerni cho‘milishga yaroqsiz holga keltirgan. Shuning uchun bog‘ oxirgi 5 yil ichida cho‘milish uchun yopiq bo‘lgan.

"Bu yerda yechinish-kiyinish xonalari va tegishli infratuzilmani yaratish o‘z nihoyasiga yetmoqda, ko‘lning butun qirg‘og‘i, ya'ni 27 gektar, uzunligi 900 metr va eni 300 metr bo‘lgan maydon maxsus keltirilgan qum bilan qoplanadi. Ko‘lning o‘zi ham suzish ixlosmandlariga yoqadi, uning tubi ommaviy cho‘milishga mo‘ljallangan bo‘lib, 10 metr chuqurlikka sekin-asta qiyalab ketadi", deb aytdi manba.

Yangi bog‘ bir nechta hududga bo‘linadi. Misol uchun, bir hududda bolalar attraksionlari, karting va sigveylarda uchish uchun maydon o‘rnatiladi. Yaqinroqda esa tropik uslubdagi, yog‘och karavotlarga ega qahvaxona joylashadi. Shuningdek, suv havzalari bo‘ladi, baliq ovi bilan shug‘ullanuvchilar uchun suv havzasi va hattoki kichik akvabog‘ yaratish rejalashtirilgan.  

Bog‘ tashkilotchilari bog‘ga transportda yetib borish muammosini ham antiqa hal qilishdi. Buning uchun Ohangaron shossesi tagidan maxsus tunnel qazishga qaror qilindi. Tunnelning bir uchi plyajga, ikkinchi uchi esa katta avtomobillar turargohiga olib chiqadi.

Tirbandliklar bilan bog‘liq vaziyatni barpo etilayotgan yangi ko‘prik yengillashtiradi. Uning qurilishini keyingi yilga bitirish mo‘ljallangan. Bu ko‘prik paydo bo‘lishi bilan Toshkentga viloyatdan kelayotgan va Toshkentdan viloyatga ketayotgan mashinalar yangi bog‘ga ketayotgan mashinalar bilan uchrashmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: