Britaniyalik taniqli fizik olim Stiven Xoking Donald Trampning bu qadar mashhurlashib ketishi haqidagi savolga javob berishda qiyinchilikka duch keldi. Olim AQSh prezidentligi uchun Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan milliarder siyosatchini "demagog" (safsataboz) deb atagan.
"U demagog. U o‘z safsatalari bilan olomonning ongini egallagan", deya Trampni ta'riflagan Xokingning so‘zlarini keltiradi RT nashri.
O‘tgan haftada Tramp prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish uchun zarur ovozga ega bo‘lgandi. Tramp 1238 delegat ovoziga ega bo‘lgan va bu belgilangan miqdordan bir ovoz ko‘pdir.
Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzodlik uchun kurashayotgan Hillari Klinton praymerizda g‘alaba qozonish uchun senator Berni Sanders bilan kurashni davom ettirmoqda. Kuzatuvchilarning fikricha, u kelgusida g‘alaba qozonadi va nomzodini prezidentlikka ko‘rsatadi.
AQShda prezidentlik saylovi noyabrda bo‘lib o‘tadi.