O‘zbekiston suv havzalaridan foydalanish tartib-qoidalari tasdiqlandi

O‘zbekiston 14:49 / 30.05.2016 19502

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 20 maydagi qarori bilan plyajlarni jihozlar va ulardan foydalanish, shuningdek, mamlakat akvatoriyalarida fuqarolar salomatligini muhofaza qilish tartiblari tasdiqlandi. Hujjat matni Lex.uz portalida (pdf) e'lon qilindi.

"O‘zbekiston Respublikasi akvatoriyalarining plyaj zonalarida dam oluvchilarning xavfsizligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" deb nomlanuvchi ushbu hujjatda belgilanishicha, plyaj deb akvatoriya qirg‘og‘idagi aholining dam olishi uchun ajratilgan va qaror talablariga muvofiq jihozlangan joyning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilangan aniq uchastkalari tushuniladi.

Plyajga va aholining akvatoriyalarda ommaviy dam olishi uchun mo‘ljallangan joylar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • sohil bo‘yi hududi rejalashtirilgan va obodonlashtirilgan bo‘lishi;

  • akvatoriyaning chuqurligi 3 metrgacha, qirg‘oqdan 50 metrgacha maydon dam oluvchilarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan predmetlardan tozalangan bo‘lishi;

  • plyaj akvatoriyasida past haroratli yer osti suvlari chiqmasligi, girdoblar bo‘lmasligi, oqimning tezligi 0,5 m/sekunddan oshmasligi;

  • port inshootlari, pirslar, prichallar davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan masofada joylashgan bo‘lishi;

  • plyaj sanoat va maishiy oqava suvlar chiqarib tashlanadigan joylardan uzoqda joylashtirilishi zarur.

Suv havzalari qirg‘og‘ida yoki ularning yaqinidagi bolalarni sog‘lomlashtirish va dam olish muassasalaridagi cho‘milish joylari prichallardan, sanoat va maishiy oqava suvlar va boshqa ifloslantiruvchi manbalar chiqarib tashlanadigan joylardan kamida 500 metr masofada bo‘lishi kerak.

Plyajlar o‘z funksional vazifasiga muvofiq «Umumiy foydalaniladigan plyaj, Kirish bepul, ijaraga oluvchi (mulkdor), aloqa qilinadigan telefonlar, ish rejimi», «Davolash-sog‘lomlashtirish plyaji (tashkilotning nomi, telefon raqami, ish rejimi)», «Bolalar plyaji (tashkilotning nomi, telefon raqami, ish rejimi)» peshlavhalari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.

Plyaj akvatoriyasi suzish masofasi qirg‘oqdan 50 metrgacha, biroq chuqurligi 3 metrdan ortiq bo‘lmagan qizil yoki to‘q qizil buylar (suvda sayozlik, yo‘l va shu kabilarni ko‘rsatadigan qalquvchi belgilar) bilan chegaralangan bo‘lishi lozim.

Plyajlar akvatoriyasida yelkanli, eshkakli va motorli kichik o‘lchamli kemalar hamda suv velosipedlaridan foydalanishga qo‘yilgan taqiq qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi.

Suzish zonalarining suv chegaralari eshkakli kemalar va suv velosipedlari uchun qirg‘oqdan 200 metrgacha, dvigatelli katerlar va kichik o‘lchamli kemalar uchun qirg‘oqdan 300 metrgacha va undan ortiq etib belgilandi. Suv chegaralarida buylar shaklida ogohlantirish belgilari o‘rnatish zarur.

Prokat punktlari plyaj akvatoriyasi chetidan kamida 100 m masofada bo‘lishi, bo‘yinto‘siqlari, bayroqchlali ishora qoziqlari bilan belgilangan bo‘lishi kerak. Kichik o‘lchamli kemalarning jihozlanmagan joylarda qirg‘oqqa yaqinlashishi taqiqlanadi.

Kichik o‘lchamli kemalarda bolalarning suzishiga faqat qutqaruvchilar kuzatuvida va qutqaruv mol-mulki (qutqaruv doirasi, 200 m uzunlikdagi kapron arqonli g‘altak, qutqaruv jiletlari, kamar, dastlabki yordam beruvchi dorixona, (shu jumladan rotorasshiritel, S-cimon trubka va shu kabilar) bilan ta'minlangan navbatchi motorlar va eshkakli qutqaruv vositalari mavjud bo‘lganda yo‘l qo‘yiladi.

Kichik o‘lchamli kemalardan foydalanuvchi fuqarolar suvda halokatga uchrayotgan odamlarga yordam ko‘rsatishi shart.

Kichik o‘lchamli kemalardan foydalanilganda qayiqqa belgilanganidan ko‘p yo‘lovchi chiqarish (yuk sig‘imidan ortiq yuk ortish), odamlarning cho‘milishi uchun ajratilgan va bu to‘siqlari bilan to‘silgan plyaj akvatoriyasiga kirish, ishora qoziqlari, buylar, buy yo‘lkalari bilan belgilangan qirg‘oqqa chiqish joylarini kesib o‘tish, harakatdagi boshqa kemalarga yaqinlashish va ularning yo‘lini 100 metrdan kam bo‘lgan xavfli yaqinlikda kesib o‘tish, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga katta yoshdagilar hamrohligisiz kemalarni prokatga berish va qayiqlar, katerlardan foydalanish, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni katta yoshdagilar hamrohligisiz kemaga olish, kichik o‘lchamli kemalar bortlaridan suvga sakrash va sho‘ng‘ish, qutqaruv vositalaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, kemaning tumshug‘i, quyrug‘idagi bortlarda o‘tirish yoki oyoqlarni bortdan tashqariga osiltirish, bir joydan boshqa joyga o‘tish yoki boshqa kemaga o‘tish, alkogolli mahsulotlar iste'mol qishish va mast holatda kichik o‘lchamli kemalardan foydalanish, kichik o‘lchamli kema dvigatelining quvvatiga mos bo‘lgan kema haydovchisi guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kichik o‘lchamli motorli kemalarni boshqarish, kichik o‘lchamli kemalarni bazalari - to‘xtash joylari va prokat punktlaridan tashqarida yo‘lovchilarni chiqarish, tushirish, yuklarni ortish va tushirish taqiqlanadi.

Sog‘lomlashtirish yoki sport maqsadlaridagi, shuningdek aholining dam olishi uchun mo‘ljallangan suv havzalaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbarlari akvatoriyalarning suv yuzasi va sohil bo‘yi uchastkasi belgilangan tartibda biriktirilgan doiralarda odamlarning hayoti va sog‘lig‘i muhofaza qilinishi uchun shaxsan javob beradilar, qutqaruv postlarini jihozlaydilar, saqlaydilar, ularni binolar va qutqaruv anjomlari bilan ta'minlaydilar, shuningdek ularning faoliyatini nazorat qiladilar.

Ko‘proq yangiliklar: