2016 yil 27 may kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O. Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi U. Alimov va Adliya vazirligi jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasi boshlig‘i X.Meliyevlar Imom Buxoriy xalqaro markaziga tashrif buyurdilar.
Mazkur tashrif doirasida Markazdagi shart-sharoitlar, olib borilayotgan ishlar yuzasidan tinglovchilar bilan suhbat olib borildi.
Muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li hazratlari o‘z nutqi davomida barcha tinglovchi imom-xatiblarni yaqinlashib kelayotgan davlatimiz mustaqilligining 25 yilligi va muborak ramazon oyi bilan va ushbu markazda ikkinchi bor o‘zlarinig kasbiy malakalari va diniy hamda dunyoviy bilimlarini yanada yuqori saviyaga ko‘tarishga kelganlari bilan qutlab, ularga zarur va qimmatli tavsiyalar berdi. Shu bilan bir qatorda imom-xatiblarga idora tarafidan barcha imkoniyatlar yaratilishi va kelgusida ularning hayot darajasi va farovonligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi munosabatlar, mustaqillik davrida erishilgan yutuqlar, o‘tgan davrlarda din va diniy xodimlarga bo‘lgan munosabatlar, jamiyatni, mo‘'min-musulmon xalqni din-afyundir degan buzg‘unchi g‘oyalar bilan zaharlashga, qanchadan-qancha madrasa, masjid, milliy va ma'naviy merosimizni yo‘q qilishga urinishlar bo‘lganligi haqida gapirib o‘tdi.
Mazkur suhbatda davomida Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i ham barcha tinglovchilarni qo‘shaloq bayramlar bilan tabriklab, bugungi kunda DIQ va O‘MI tizimidagi barcha olib borilayotgan ishlar Adliya vazirligi bilan hamjihatlikda o‘tayotganligini bildirib o‘tdi.
Mazkur suhbat so‘ngida tashrif buyurgan mehmonlar va tinglovchi imom-xatiblar bilan Markaz faoliyatiga oid va boshqa masalarlarda fikr muloxazalar almashilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi matbuot xizmati.