Tailandning shimoli-sharqida Zika virusi qayd etilgan yangi holat aniqlandi. Zika virusini yuqtirgan bemor yashovchi Tailandning Udontxani provinsiyasi hukumatining xabar berishicha, shu mamlakat fuqarosi Tayvan aeroportiga kelishi bilanoq kasallik alomatlari bilan ushlab qolingan.
"Biz virus tarqalmasligi ustida ishlayapmiz. Bemorning oila a'zolari tibbiyot xodimlari nazorati ostida", - deya xabar berdi provinsiyaning sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Mit Prasannakarn.
Zika virusini yuqtirish holati shu yilning o‘zida uchinchi marta qayd etilmoqda. Yanvar oyida Udontxani provinsiyasidan chiqqan kishi Tayvan aeroportida yuqori harorat bilan ushlab qolingan. Labaratoriya tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, unda Zika virusi aniqlangan. Keyinroq Bangkokda yana bir shunday holat qayd qilingan.
Tailand sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, Zika virusi ilk marotaba 2012 yilda qirollik hududida aniqlangan. Tailandda har yili Zika bezgagi qayd etilgan beshtacha holat aniqlanadi.
Agar o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, bu kasallik o‘lim xavfini keltirmaydi, ammo homilador ayollarga jiddiy xavf soladi. Infektsiya Aedes Aegypti chivini orqali yuqadi. Uning belgilari chikungune va denge kasalliklarnikiga o‘xshash: yuqori harorat, kon'yunktivit, bosh og‘riqlar, teridagi toshmalar, bo‘g‘im va mushaklardagi og‘riqlar.