Alphabet xoldingi tarkibiga kiruvchi Google kompaniyasi Boston Dynamics robotlar ishlab chiqaruvchisini sotmoqchi ekanligi ikki hafta ilgari ma'lum bo‘lgan edi. Endi uning xaridori ham aniqlandi - bu Yaponiyaning avtomobil ishlab chiqaruvchi Toyota kompaniyasi.
Boston Dynamics kompaniyasi zoomorf va antromorf robotlarning turli imkoniyatlarini namoyish etuvchi videotasmalar hisobiga keng ommaga tanildi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu hatto "mexanik ukalarimiz"ga nisbatan g‘ayriaxloqiy munosabatlarda ayblovlarni yuzaga keltirdi.
Tech Insider nashrining ma'lum qilishicha, Boston Dynamics xaridori sifatida Toyota Research Institute avtogigantining bo‘limi ishtirok etdi. Kelishuv summasi oshkor qilinmadi, sotuvning o‘zi esa deyarli hal qilib bo‘lingan.
TRI 2015 yilning noyabrida sun'iy intellekt va robot texnikasi sohasidagi ishlanmalar uchun yaratilgan. Boston Dynamics sobiq xodimining aytishicha, aslida ishlab chiqaruvchi Toyota muhandislari bilan yaqindan hamkorlik qilishga allaqachon tayyorligi bois "do‘stona xarid" amalga oshiriladi.
Shuningdek, Toyota Research Institute bosh direktori Gill Pratt avval Boston Dynamics bosh direktori Mark Reybert bilan Massachusets texnologiya institutida birga ishlagan. Ularning Reybert tomonidan 1968 yilda asos solingan labaratoriyasi yuruvchi mexanizmlar yaratish bilan shug‘ullanar edi. Bundan tashqari, oxirgi paytlarda Boston Dynamics'ning bir necha xodimlari TRI'ga ishga o‘tishgan.