Germaniyalik futbolchi Noyshtedter Rossiya pasportiga ega bo‘ldi

Sport 15:36 / 30.05.2016 3751

Germaniyaning «Shalke» klubi futbolchisi Roman Noyshtedter Rossiya pasportini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Rossiya terma jamoasining tvitterdagi rasmiy sahifasida xabar berilgan.

Futbolchi bugun Rossiya Federatsiyasining Bonn shahridagi bosh konsulxonasiga borgan va o‘z pasportini olgan.

U Shveytsariyada yig‘in o‘tkazayotgan terma jamoa bazasiga qaytib ketgan.

Noyshtedter Rossiya terma jamoasining 2016 yilgi Yevropa chempionatiga boradigan tarkibidan o‘rin olgan. Turnirda Rossiya terma jamoasi "V" guruhida Angliya, Uels va Slovakiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Musobaqa 10 iyun kunidan 10 iyul kunigacha davom etadi.

23 may kuni Noyshtedter Rossiya pasportini olish uchun Germaniya fuqaroligidan voz kechgandi.

25 may kuni Putin ushbu futbolchiga Rossiya fuqaroligini berish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Noyshtedter 2015 yili Rossiya terma jamoasi safida o‘ynash istagida ekanini bildirgandi. Futbolchi 1988 yilning 18 fevralida Ukrainaning Dnepropetrovsk shahrida tug‘ilgan. U rus tilida erkin so‘zlasha oladi. Uning otasi Petr Noyshtedter ham professional futbolchi bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: