Fransiyada Canal+ xoldingi asoschisi Andre Russle vafot etdi

Jamiyat 11:28 / 30.05.2016 2424

Fransiyadagi birinchi xususiy Canal+  televizion xoldingi asoschisi Andre Russle 93 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.  Bu haqida marhumning qarindoshlari AFP'ga xabar qilishdi.

"U 94 yoshida o‘z uyida yaqinlari davrasida vafot etdi. U yoshi kattaligi bois shunchaki holdan toygan edi", - deya ma'lum qildi Andre Russlening o‘g‘illaridan biri Filipp Russle. 

Andre Russle 1922 yilda Fransiya sharqidagi Nansi shahrida tavallud topgan. Oliy ma'lumot olib ulgurmay urush yillarida u Germaniyadagi majburiy ishlarni bajargan. Russle Fransiya ozod bo‘lganidan so‘ng vataniga qaytib, Parijda huquq fakultetini tugatdi va davlat xizmatida faoliyat ko‘rsata boshladi. 

Russle turli mintaqalarda subprefekt amallarda ishlab, joylarda korrupsiya bilan faol kurash olib borgan va "sotilmaydigan amaldor" degan nomga sazovor bo‘lgan. 1954 yilda yosh Russle fransuz sotsialchilari nazariga tushib qoladi hamda o‘sha paytlar IIV boshlig‘i Fransua Mitteran apparatiga rahbarlik qilish taklifini oladi. O‘shandan buyon Russle va bo‘g‘usi prezident Mitteranning taqdiri uzviy bog‘langan, ularning o‘zlari esa yaqin do‘st va hamkasb bo‘lib qolishdi. Mitteranning o‘limidan so‘ng aynan Russle uning vasiyatini bajo keltirgan. 

1959 yilda hokimiyat tepasiga Sharl de Goll kelganidan keyin Andre Russle davlat xizmatidan ketib, Simca avtomobil kompaniyasiga ishga kiradi. 1960 yilda u Simca'ga qarashli G7 kompaniyasi - poytaxtning eng birinchi taksoparklaridan birini sotib oladi. G7 Russle boshqaruvi ostida yuqori daromadli korxonaga aylanadi, u bugungi kunga qadar Parij transport bozoridagi yetakchilardan biri hisoblanadi. 

1984 yilda Russle televizion efirga nisbatan davlat monopoliyasini buzib, Fransiyada birinchi Canal+ xususiy kabel telekanalini ochadi. 1981 yil respublika boshqaruvini qo‘lga kiritgan Fransua Mitteran uni qo‘llab-quvvatladi. 

Liberal qarashlar va material uzatishning yangicha usuli yangi kanalning muvaffaqiyatini ta'minladi. Canal+ o‘z faoliyatini boshlagandan ikki yil o‘tib, milliondan ortiq teletomoshabinga ega bo‘ldi va shu tariqa u Fransiyadagi eng yirik mediaxoldinglardan biriga aylandi. 

Andre Russle 10 yil shu sohada ishlab, 1994 yilda Canal+ rahbarligidan ketdi. Shundan so‘ng Russle OAV sohasidagi boshqa loyihalar bilan shug‘ullandi, biroq ular muvaffaqiyat qozonmadi.

Ko‘proq yangiliklar: