Amerikaning Sonsumer Reports jurnali AQShda sotiladigan va 2016 yilning eng yaxshi mashinalari deb topilgan avtomobillar ro‘yxatini chop etdi.
Consumer Reports’ning yillik reytingi nashrning o‘z qoidalariga asosan tuziladi. Mashinalar bir necha me'yorlar, xususan, xaridorlar fikrlariga asosan tanlab olinadi.
Unga AQShda sotiladigan transport vositalari kiritiladi. Ro‘yxatdan o‘rin olgan mashinalar ishonchli hisoblanib, rasmiy va norasmiy krash-testlardan o‘tadi hamda iste'molchilarning ishonchiga sazovor bo‘lgan hisoblanadi. Ammo jurnal obunachilari orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari reyting asosini tashkil etadi.
Shunday qilib, ro‘yxatning eng arzon mashinasi sifatida Honda Fit (19 ming dollar) qayd etilgan. U o‘rta sinfda eng yaxshisi, deb topilgan.
Kompakt avtomobillar orasida birinchi o‘rin Subaru Impreza’ga tekkan. O‘rta hajmli mashinalar orasida Toyota Camry yetakchiligini saqlab qolgan. U bir necha yillardan beri Amerikada ommabopligini yo‘qotgani yo‘q.
Consumer Reports reytingining katta hajmli sedanlar guruhida Chevrolet Impala birinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan. Uning dinamikligi va qulayligi e'tirof etilgan. 40 ming dollargacha bo‘lgan mashinalar orasida esa, Mazda MX-5 eng yaxshi avtomobil deb topilgan.
Amerikaliklar yo‘ltanlamaslar toifasida, asosan, Subaru Forester, KIA Sorento, hamda Lexus RX ni ma'qul ko‘rishi ma'lum bo‘ldi. Bu ro‘yxatdagi “Leksus” mashinasi Amerikadagi eng qimmat avtomobil ham hisoblanib, 51mingdan-57 ming dollargacha turadi. KIA esa, ro‘yxatda nomi kelgan mashinalar orasida Janubiy Koreyaga tegishli yagona mashina markasi bo‘la oldi.
Bundan tashqari, uncha katta bo‘lmagan yuk mashinalari orasida Ford F-150, minivenlar ro‘yxatida Toyota Sienna ishonchli deb topilgan.
Consumer Reports — jurnali 1936 yildan beri chop etiladigan oylik jurnal. U, turli mahsulotlar va xizmatlar yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar natijasini e'lon qilib boradi.