Buyuk Britaniya NATOning yangi dasturi doirasida Estoniya, Latviya va Litvaga minglab harbiylarni yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar bermoqda harbiy manbalarga iqtibos keltirgan holda Times nashri.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, London artilleriya bilan jihozlanadigan taktik tank guruhini yuborishni rejalashtirmoqda. Ushbu masala Varshavada iyulda o‘tadigan sammitda qabul qilinadi.
Bundan tashqari, alyans NATO mudofaa qobiliyatini oshirish uchun Sharqiy Yevropada tank va boshqa og‘ir qurollar omborlarini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Filip Xammond NATO alyansni kuchaytirish doirasida Sharqiy Yevropa davlatlarida rotatsiya asosida 4-5 batalon joylashtirishi mumkinligini aytgandi. Wall Street Journal nashri ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh Boltiqbo‘yi davlatlariga ikkita batalon yuborishi, Germaniya va Buyuk Britaniya qurolli kuchlari yana bittadan batalon taqdim qilishi mumkin.
May oyi boshida AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Entoni Blinken NATO mintaqada rotatsiya asosida 4 ming harbiy joylashtirishini ma'lum qilgandi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning aytishicha, NATO ko‘mondonligi Yevropa sharqidagi bir nechta davlatlarda ko‘p millatli batalonlar joylashtirishni tavsiya qilgan, biroq harbiylarning soni va joylashtiriladigan aniq joyi bo‘yicha qaror iyuldagi sammitda qabul qilinadi.