«Manchester Yunayted» 1 yildan keyin erkin agentga aylanishi mumkin bo‘lgan 18 yoshli futbolchisi Markus Reshford bilan shartnomani uzaytirdi.
The Telegraph xabariga ko‘ra, mankunianliklar yosh hujumchi bilan 4 yillik yangi shartnoma tuzgan, unga ko‘ra futbolchining haftalik maoshi miqdori haftasiga 20 ming funtni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, kelishuvda o‘yinlar soni miqdori va ulardagi ishtirok muvaffaqiyati darajasiga qarab bonuslar belgilanadi va shunda futbolchining haftalik maoshi miqdori o‘rtacha 25 ming funtga yetishi mumkin bo‘ladi.
Daily Mail nashri xabariga ko‘ra, futbolchining «MYu»dagi maoshi shu vaqtgacha haftasiga 1,5 ming funt edi.
«MYu» Reshford bilan yangi shartnomasi haqida Yevro-2016 boshlanguniga qadar e'lon qilishi kutilmoqda, yosh futbolchi Angliya terma jamoasi safida shu turnirda ishtirok etish uchun tayyorlanmoqda.
Reshford yakunlangan mavsumning 11 uchrashuvida ishtirok etib, 5ta gol urdi va 2ta samarali to‘p uzatishi muallifi bo‘ldi.
«MYu» yana bir yosh futbolchisi, 19 yoshli Kemeron Bortuik-Jyekson bilan ham shartnomani uzaytirish arafasida turibdi.