Fransiya va Germaniyada yakshanba kuni Birinchi jahon urushi davridagi eng uzoq davom etgan va "Verden qirg‘ini" nomi bilan tarixga kirgan urushga 100 yil to‘lgani munosabati bilan qirg‘inlarda qurbon bo‘lganlar xotirasi uchun marosimlar o‘tkazilmoqda.
Fransiya prezidenti Fransua Olland va Germaniya kansleri Angela Merkel birgalikda Verden yaqinidagi hududda o‘rnatilgan obidaga kelib, qurbonlar xotirasi uchun gulchambar qo‘yishdi.
Tarixchilar shu vaqtgacha Verden ostonasidagi janglarga oid raqamlar bo‘yicha bahs olib borishadi. Nisbatan ishonchliroq ma'lumotlarga ko‘ra 1916 yilning 9 oyi davomida Fransiya shimoli-sharqida olib borilgan janglar oqibatida fransuz va nemis armiyasi tomonidan jami 300 mingga yaqin askar qurbon berilgan.
Bir necha frontda jang qilgan Germaniya imperiyasi rejasiga ko‘ra, g‘arbiy front chizig‘ini yorib o‘tib, Fransiyani butunlay tor-mor etish va g‘arbiy frontni yakunlash maqsad qilingandi. Shu tufayli katta qurbonlar berib bo‘lsada bu jangni g‘alaba bilan yakunlash reja qilingandi. Bu janga artilleriya kuchlarining katta qismi tashlangan.
Germaniya 21 fevral kuni hujum boshlagan, ammo nemis armiyasining zarbasi Verden ostonasida to‘xtatilgandi. Germaniyaliklar katta kuch tashlasada, bir necha kilometrgina olg‘a harakatlana oldi xolos.
1916 yilning kuzida Germaniya armiyasi mudofaaga o‘ta boshladi va uzoq vaqt davom etadigan qamallardan voz kechildi. 1916 yil dekabrida esa Fransiya armiyasi fevraldagi marralarini qaytarib oldi.