Eronliklar joriy mavsumda Makkaga haj uchun bora olmaydi

Jamiyat 16:50 / 29.05.2016 14798

Eronlik hojilar joriy yilda Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarda yuzaga kelgan murakkab siyosiy vaziyat tufayli Makkaga haj ziyoratini amalga oshira olishmaydi. Bu haqda Eron madaniyat vaziri Ali Jannatiy ma'lum qildi.

"Biz bugungi kungacha bu borada saudiyalik rasmiylardan javob kutdik. Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan o‘tkazilgan ikki raundlik muzokaralar yakunlariga ko‘ra, aytish mumkinki joriy yilda eronlik hojilar Makkaga bora olishmaydi", deya vazirning so‘zlarini keltiradi IRNA agentligi.

Jannatining aytishicha, Eron haj tashkiloti 30 may kuni bu yilgi haj bekor qilingani haqida rasman ma'lum qiladi.

Yil boshida Saudiya Arabistoni va bir qator arab mamlakatlari Eron bilan munosabatlarni uzgandi. Bunga Saudiya Arabistoni hukumati shialar xatibi Nimr an-Nimrni qatl etgani sabab bo‘ldi. Bu qatl haqidagi xabardan keyin Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasi va Mashhaddagi vakolatxonasiga eronliklar tomonidan hujum uyushtirilib, binolarga o‘t qo‘yildi. Shundan so‘ng, avval Saudiya Arabistoni, keyin Bahrayn, BAA va Sudan kabi mamlakatlar Eron bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatib, o‘z elchilarini Tehrondan qaytarib olishdi.

Bundan tashqari, Eron islom respublikasi diniy rahnamosi Ali Xomeneiy Saudiya Arabistonini 2015 yilgi hajda yuzaga kelgan tiqilinch uchun ayblagan. Associated Press ma'lumotiga ko‘ra, o‘shanda tiqilinch tufayli 2426 kishi halok bo‘lgan, shundan 464 nafari eronlik edi.

Associated Press nashrining eslatishicha, Saudiya Arabistoni Eron bilan 1988-1991 yillar davomida diplomatik aloqalarni uzib qo‘yganida ham eronliklar Makkaga bora olishmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: