Londonning "Tottenxem" klubi keyingi mavsumdan Chempionlar Ligasidagi uy o‘yinlarini "Uembli" stadionida o‘tkazishga kelishib oldi.
Ushbu kelishuv "Tottenxem"ga 2017/18 yillardagi mavsumda Angliya chempionati va milliy kubokdagi uy o‘yinlarini bu stadionda o‘tkazish imkoniyatini beradi.
"Biz bu kelishuvga erisha olganimizdan xursandmiz. "Uayt Xart Leyn" stadionining keyingi mavsumga sig‘imdorligi yetmayotgani va Chempionlar Ligasi chipta dasturiga qo‘yiladigan talablarni hisobga olgan holda "Uembli"da o‘yinlarni o‘tkazish barcha abonement egalarimizni sig‘dira olishimizni anglatadi", deb aytdi klub prezidenti Deniyel Levi.
Avvalroq "Tottenxem" 2017 yilda o‘zining uy maydoni – "Uayt Xart Leyn" stadionida o‘ynamaslikka qaror qilgani ma'lum bo‘lgandi. Klub yangi stadionga 2018 yildan keyin ko‘chib o‘tadi, shuning uchun klub anchadan beri uy o‘yinlarini vaqtinchalik "Uembli"da o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan edi. Shunday muzokaralarni o‘z maydoni "Stemford Brij"ni rekonstruksiya qilishni rejalashtirayotgan Londonning "Chelsi" klubi ham olib borayotgani ma'lum qilingandi.
"Uembli" stadioni Londonda eskisining o‘rniga qurilgan. Angliya terma jamoasi o‘z uy o‘yinlarini o‘tkazuvchi maydon o‘z bag‘riga 90 ming tomoshabinni sig‘dira oladi.