Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning 1998 yildan beri AQShda yashovchi xolasi va nihoyat uzoq yillardan so‘ng jurnalistlarga intervyu berdi. U bilan bo‘lgan suhbat The Washington Post gazetasida e'lon qilingan.
Shimoliy Koreya yetakchisining 60 yoshli xolasi Ko Yen Suk va uning turmush o‘rtog‘i Li gan mamlakatning 1998 yilda tark etishgan edi. Jurnalistlarning ma'lumotlariga ko‘ra, oradan 18 yil o‘tgan bo‘lsada bu oila markaziy razvedka boshqarmasidagilarning manbasiga aylanib kelmoqda.
Ayolning tasdiqlashicha, Kim Chen In rostan ham 1984 yilda tug‘ilgan. Chunki uning o‘g‘li ham shu yil tug‘ilgan bo‘lib, ular bolalikda birga o‘ynashgan. Shuningdek, uning gaprib berishicha, Kim Chen In 1996 yilda Shveytsariyada yashagan, uning katta akasi Kim Chon Chxol u yerda 1992 yil yashagan.
«Biz yaxshi bir uyda, yaxshi oila bo‘lib yashar edik. Men uning onasi bo‘lishga intilar edim. Unga do‘stlarini uyga boshlab kelishni va mehmon qilishni tavsiya etardim. Uni yaxshi hayotda yashashini istardim. Ular shirinliklar yer va “Lego” o‘ynashardi», — dedi u Shveytsariyadagi vaqtlarni yodga olar ekan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u bolalar bilan birga Parijdagi Disneylendga borishgan, shuningdek, Kim Chen In onasi bilan Tokiodagi xuddi shunday boqqa borgan. Bundan tashqari, Shimoliy Koreya yetakchisi Alplarda chang‘i uchgan, Fransiya Riverisi dengizida cho‘milgan, italyan restoranlarida ovqatlangan. U yoshligida kemalar va samolyotlar bilan o‘ynagan va basketbolchi Maykl Jordanning ashaddiy muxlisi bo‘lgan.