Kamchatka aeroportida it bir haftadan beri egasini kutmoqda

Jamiyat 08:17 / 28.05.2016 6223

Kamchatka aeroportida it egasini bir haftadan kutib, u yerdan ketmayapti. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar berdi. It egasi uni olib ketishga puli yetmagani sababli uni aeroportda qoldirib ketgan.  

"Biz bu it qayerdan paydo bo‘lganini bilmaymiz. U haqiqatan ham bu yerda bir haftadan beri yashamoqda, vokzaloldi maydonida izg‘ib, kelayotgan yo‘lovchilarni kutib olmoqda. Itni  o‘z qaramog‘iga olgan volontyorlarning aytishicha, itni bu yerda egasi qoldirib ketgan. Erkakka uni olib ketishga puli yetmagan va bundan tashqari, buning uchun kerakli veterinar hujjatlar ham tayyor bo‘lmagan. Itni samolyotga qo‘yishmagan va uning egasi hozirda uni kutib o‘tirgan itisiz uchib ketgan", deb aytdi aeroport vakili.

Aeroportda ma'lum qilinishicha, it o‘zini do‘stona va osoyishta tutmoqda. Odamlar unga turli yeguliklar berishmoqda.

Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib ketdi. Foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda "Kamchatka Xatikosi" deb nom olgan itning egasi topilishi umidida bu voqea bilan bo‘lishishmoqda, biroq hozircha itning egasi javob bermagan.

Itni qaramog‘iga olgan "Ostrov nadejdy" priyutining volontyori Marina Nikolenkoning aytishicha Moskvadagi priyutlardan biri itni o‘z qaramog‘iga olishga tayyorligini bildirgan. "Biz it egasi oxir-oqibat topilishiga umid qilmoqdamiz. Biz barcha zarur hujjatlarni tayyorlamoqdamiz va uni egasiga yuboramiz. Asosiysi u topilsa bo‘ldi", deb aytdi Nikolenko. Uning aytishicha, bunday yirik itni Petropavlovsk-Kamchatskdan Moskvaga tashish 10 ming rublga aylanadi. Barcha yordam berishni istovchilarga tegishli telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan.

Xatiko laqabli it Yaponiyada sadoqat va vafodorlik ramzi hisoblanadi. Bu it 1932 yili Tokioning yirik gazetalaridan biri "Qari vafodor it yetti yil avval olamdan o‘tgan egasining qaytishini poylamoqda" deb nomlangan maqolani chop etgandan keyin butun Yaponiyaga mashhur bo‘lib ketgan. Xatiko o‘zining o‘limigacha, 9 yil davomida egasini oxirgi marta tirik holda ko‘rgan temir yo‘l stansiyasiga kelib uni poylab o‘tirgan. Yaponiyada hattoki it o‘lgan kuni motam e'lon qilingan. 1934 yilda Xatikogo yodgorlik o‘rnatilgan va itning o‘zi uning ochilishida ishtirok etgan. Bu voqea asosida bir nechta badiiy filmlar suratga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: